Bu esa Vatan tuyg'usining, vatanparvarlikning xalqimiz qalbidagi yashirin ifodasidir. Bu tuyg'u barchamizni diyorimizga hurmat va sadoqatli, o'z kasbiga fidoyi bo'lishga undaydi.
Vatanga mehr-muhabbat qaerdan boshlanadi? Nazarimda,Vatanga muhabbat qalbimizdan, ya'ni xali tug'ilmagan, dunyoni ko'rmagan, ammo onasining qornidayoq yurak urishi orqali Vatanni naqadar mo''tabarligini xis qila oladigan go'dakning tafakkuriga singishdan boshlanadi.
Qishlog'imizda bir ayol bor edi. Maktab davrim o'qishga ketayotib, opaning uyi darvozasi yo'qligi sabab ichkaridan chiqayotgan ovozni beixtiyor eshitib qoldim. “O'g'illarim, sizlarni deb yashayapman. Siz bor – men va oilamiz bor. Chet elda ishlashdan qanday naf? Aksincha, yurtimizda ishlab tirikchilik o'tkazishga nima yetsin? Mayli, g'isht quying, devorlarni suvoq qiling, lekin universitetda o'qing va ishlang. O'zimizning yurtdagidek, xalqimiz singari mehrli insonlar xech qayerda yo'q. Sizlar vatanimizni sevib, unga munosib inson bo'lishga harakat qilsangiz, Allohning o'zi sizni qo'llaydi. Nima ish qilishingiz muhim emas. Ishingizni halol bajaring, shuning o'zi etadi”.
Qiziqqanimdan bir necha kun o'sha mahalla oralab, opaning gaplarini tingladim. Har kuni ertalab shu gaplarni o'g'illariga uqtirardi. Farzandlariga siz deb murojaat qilardi. “Uzoqni boshog'idan yaqinni somoni yaxshi bolam. Mana endi to'g'ri ish qilibsiz. Shu pullarga kitob oling va o'zingiz uyda o'qib, o'qishga tayyorlaning. Bugun akangiz o'rningizga menga yordam beradi”, deya bollariga yumushlarni bo'lib ham berar edi.
Hayot turfa qismatlarga to'la. Ba'zan, kimnidir oqqushday osmonga uchiradi. Bu opaxon turmushidan erta beva qolganiga qaramay, 4 nafar o'g'lini otasiz o'zi voyaga yetkazdi. Ta'lim-tarbiya berdi. O'zi ham ustozlik qilardi. Hozir nafaqada. O'g'illari esa turli sohalarda o'z o'rinini topa olgan. Barchasi oliy ma'lumotli. Oilali. Nega ular o'z o'rnini topa oldi? Nega turli noteks yo'llarga qadam qo'ymadi. Chunki, ularni onasi Vatanga muhabbat tuyg'usi bilan tarbiyaladi.
Inson – qaysi sohada, qaysi joyda ishlashidan qat'i nazar, o'z kasbining ustasi, qalbida vatanparvarlik xissi yuksak, yurtiga sadoqat bilan xizmat qilib, kasbi va oilasini sevsa, qadrlasa, mehnatini sidqidildan bajarsa, demak u, Vatan va yurt ravnaqi yo'lida xizmat qilayotgan hisoblanadi.
Siz bog'bon, dehqon, o'qituvchi, posbon yo oddiy farroshdirsiz. Kim bo'lishingizdan, qay sohada ishlashingizdan qat'i nazar, o'z ishingizni hallolik-poklik bilan, sidqidildan bajarayotgan bo'lsangiz, demak, siz Vatan, deb yashayapsiz. Aks holda siz nafaqat Vatanga, o'zingizga ham xiyonat qilayapsiz.
Insonning nafaqat aqli, balki yuragi ham yurt ishqida yonsa, Vatani deb borini, molini, hattoki jonini berishga tayyor bo'lsa, demak u Vatan neligini, uni qanday sevishni, qadrlashni hamda unga o'z mehnati, qo'lidagi hunari, kasbi bilan xizmat qilishni biladi. Kasbga sadoqatli bo'lib, sidqidildan mehnat qilish, bu Vatanga xizmat qilishning asl namunasidir.
Zulxumor Akbarova