Salomatlik posbonlari qatoridan oʻrin olish oson ish emasligini Andijon tibbiyot oliygohidagi kirish imtihonlari natijasi koʻrsatib qoʻyganida ham Hamida ahdidan qaytmadi. Qatʼiyatli inson albatta maqsadiga erishadi.
Oʻsha yili tuman shifoxonasida kichik tibbiyot xodimi boʻlib zahmatli soha mashaqqatlarini his etdi. Shunda ham ezgu niyat sari dadil bordi. Kelgusi yili Namangan tibbiyot texnikumining talabalari safiga qoʻshildi. Hamshiralik ishining sir-asrorlarini qunt bilan egalladi. Nazariy bilimini oshirib, kasbiy koʻnikmasini boyitdi.
Ikki yillik taʼlimdan soʻng qoʻlida diplom, koʻnglida begʻubor orzular bilan yurtga qaytdi. Hamidaga ishonch bildirishib, Uychi tumani markaziy poliklinikasiga emlash hamshiraligiga ishga qabul qilishdi. Oʻshanga ham yaqinda 35 yil toʻladi. Tirishqoq, izlanuvchan va mehnatsevar hamshira tez orada ibratli faoliyati bilan jamoada obroʻ qozondi. Tajribali mutaxassis Rahimaxon Nabiyevaning etagidan mahkam tutib, qimmatli oʻgitlariga amal qilib borishi barobarida emlash ishlarining ustasiga aylandi.
Toʻqqiz yillik samarali faoliyat natijasi oʻlaroq unga katta ishonch bildirishdi. Hamidani viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasiga ishga taklif qilishganida undan baxtli inson yoʻq edi, goʻyo.
Viloyat shifoxonasida ishlash ham oson kechmadi. Nufuzli maskan mavqeyi bilim va kasbiy koʻnikmani oshirishni taqozo etardi, albatta. Hamida astoydil izlandi, oʻqib-oʻrgandi. Ustoz hamshiralarga ergashdi. Birinchi jarrohlik posti katta hamshirasi Sojida Vaqqosova, oʻz kasbining bilimdoni darajasiga yetgan Yulduz Aliyeva “maktabi”da astoydil “tahsil” oldi. Zoya opa, Sonya opa kabi “aslar” maslahatiga amal qildi.
Keyinchalik viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filialiga aylantirilgach, amaliyot boʻlimi filial tarkibiga kiritildi. Barcha xodimlar kabi Hamida ham shu boʻlimda mehnat faoliyatini davom ettirdi. Iana, toʻrt yildirki, boʻlim katta hamshirasi.
- Amaliyot hamshirasi boʻlish juda ham qiyin. Jarrohning yordamchisi sifatida hamshiraning aniq, tezkor, dadil va maqsadli harakat qilishi operatsiya muvaffaqiyatli oʻtishini taʼminlaydi, - deydi Hamida Gʻoziyeva.
Kechagi shogird bugun oʻnlab yoshlarning ustozidir. U olgan bilimlarini, toʻplagan boy tajribasini hamkasblariga oʻrgatmoqda. Respublika farmatsevtika va oʻrta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazi viloyat filiali tinglovchilariga oʻtayotgan mashgʻulotlari taʼsirchan va amaliyotga hamohangligi bilan ajralib turadi.
Pensiyaga chiqsa ham xalq salomatligini mustahkamlash yoʻlida fidoyilik namunasini koʻrsatayotgan Hamida Gʻoziyevaning umr yoʻli ham oʻrnakdir. Baxtli oila bekasi turmush oʻrtogʻi Rivojiddin bilan uch nafar farzandni komil inson sifatida kamolotga yetkazishdi. Qizi Mohida va oʻgʻli Bahodir ona izidan borishgan. Hamida bilan birga elimizga sidqidil xizmat qilishyapti. Tanlagan yoʻlidan ogʻishmay intilgan Hamida Habibullayevna kasbiga sadoqati bilan hurmat, saodat topmoqda. Uning izchil faoliyati, fidoyiligi va talabchanligi koʻplab hamkasblari uchun ibrat maktabi vazifasini oʻtaydi, desak aslo mubolagʻa emas.
Abdulla GʻOZIYEV,
jurnalist.