Kasbiy-ijodiy imtihonlar: shaffoflik va adolat ruhida oʻtmoqda

    Ta'lim 1 Avgust 2021 1002

    Ayni kunlarda barcha oliy taʼlim muassasalarida boʻlgani kabi Namangan Davlat universitetida ham kasbiy-ijodiy imtihonlar qizgʻin davom etmoqda.

    Bu jarayonda shaffoflik va adolat muhitini taʼminlash uchun universitet tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.

    Joriy yilda universitetga jami 31246 nafar abituriyentlar hujjat topshirdilar. Shulardan 2863 nafari alohida iqtidor talab qilinadigan taʼlim yoʻnalishlari uchun roʻyxatdan oʻtdi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinliki, abituriyentlar orasida kasbiy-ijodiy yoʻnalishlarga qiziqish yildan-yilga ortib borayapti. Oʻz navbatida, abituriyentlarning mahorat va bilimiga nisbatan talab ham kuchaymoqda.

    Abituriyentlar tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi, rang-tasvir, amaliy sanʼat, sport faoliyati va jismoniy madaniyat yoʻnalishlari boʻyicha imtihon topshirmoqdalar.

    Oliygohda imtihon jarayonlarini namunali oʻtkazish boʻyicha barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, universitet asosiy binosida joylashgan auditoriya va axborot-resurs markazida boʻlib oʻtayotgan tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi, rang-tasvir, amaliy sanʼat yoʻnalishlaridagi imtihon jarayonlari uchun zarur boʻlgan barcha oʻquv jihozlari bilan toʻliq taʼminlangan.

    Shuningdek, universitet sport zallari hamda Namangan shahridagi “Yosh kuch” oʻyingohida boʻlib oʻtayotgan sport faoliyati va jismoniy madaniyat yoʻnalishlari boʻyicha imtihonlar ham qizgʻin ruhda oʻtib, barcha imtihonlar chogʻida karantin qoidalariga toʻliq amal qilinmoqda.

    Demak, talaba boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritish abituriyentlarning bilimi, mahorati va ijodiy qobiliyatiga bogʻliq.

    Sanjarbek HAMIDOV.