Kasbiy taʼlim tizimini 2030-yilga qadar isloh qilishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilandi.
Ular:
- xalqaro va qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar sonini kamida 250 taga;
- 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy taʼlim bilan qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizga;
- kasbiy taʼlim tizimida dual taʼlim ulushini amaldagi 9 foizdan 40 foizga;
- kasbiy sertifikatga ega ishlab chiqarish taʼlimi ustalari ulushini 30 foizga;
- xorijda malaka oshirish va stajirovka oʻtash dasturlarida ishtirok etgan pedagoglar sonini 100 nafardan 2 500 nafarga yetkazish.
Farmonga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etildi. Agentlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlar soni 70 ta etib belgilandi.
Ushbu shtat birliklari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan 30 ta, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidan 25 ta, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Kasbiy koʻnikmalar markazining 15 ta shtat birligi hisobidan shakllantiriladi.
Agentlik:
- texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy taʼlim sohasini boshqarishga masʼul boʻladi;
- kasbiy taʼlim dasturlari mazmuni, malaka darajalari, oʻqitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda oʻquv-metodik taʼminotga talablarni belgilaydi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “vaucher” tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga oʻqitadi.
Migratsiya agentligining xorijiy ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib bergan buyurtmalari asosida fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga oʻqitadi.
Dual taʼlimni rivojlantirish boʻyicha ham bir qancha oʻzgarishlar bor. 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi. Har oylik stipendiya BHM bir baravari miqdorida toʻlanadi.
Texnikumlar Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan milliy reyting natijalari asosida ragʻbatlantiriladi. Milliy reyting 2026-yildan boshlab har oʻquv yili yakuni boʻyicha yuritiladi hamda unda eng yuqori oʻrinni egallagan 50 ta texnikumning har biri BHM 3 000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi. 2026-yildan boshlab har yili texnikumlar oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” oʻtkaziladi.
Shuningdek, Prezidentimiz qarori bilan 2030-yilga qadar texnikumlar faoliyatini tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda boshqa koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirishga moratoriy joriy etildi.









