Har kimning oʻz hikoyasi va oʻziga yarasha kechinmalari boʻladi. Baland choʻqqilarni zabt etishni koʻzlagan inson qiyinchiliklarni yengib, har gal qoqilganidan soʻng ust-boshini qoqib, yoʻlini davom ettirib ketadi. U yoki bu sohada dong taratish, ishining ustasi boʻlish yoki shaxsiy munosabatlar borasida omadi chopishi ham insonning oʻziga va tanlagan yoʻli, hayotdan olgan saboqlariga ham bogʻliqdir. Toʻgʻri xulosa chiqarish, har qanday vaziyatda ham yengilmaslik, muvaffaqiyatga erishgan insonlarning tajribasini oʻrganish qaysidir maʼnoda turtki boʻlishi mumkin. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan inson jamiyatda, oilada oʻz oʻrnini topgan va barcha ayol-qizlar uchun namuna boʻladigan, qalblarga iliqlik beruvchi mehribon ayol, goʻzal inson Guliston (Matyoqubova) Annaqilicheva boʻladilar.
Aytish joiz, butun hayoti va faoliyatini xalq dardi bilan bogʻlagan, xalq gʻamiga hamdard boʻlibgina qolmay, uning istiqboli uchun qaygʻurgan fidoyi maʼrifatparvar ayollarimizning hayot yoʻli biz uchun chinakam ibrat maktabidir. Biz Guliston Annaqilichevani mana shunday hulq-atvori, maftunkorligi, gʻayrati, shijoati kuchli inson sifatida tan olamiz. Xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish - xalqimizda azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan. Zero, ayol - hayotimizning fayzi va koʻrki, mazmuni, xonadonlarimiz farovonligining kafolati hisoblanadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini koʻtarish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bizning partiyamizda ham yurtimizning taraqqiyotida baholi qudrat hissa qoʻshib kelayotgan faol xotin-qizlarni juda koʻplab uchratish mumkin. Guliston Annaqilicheva 42 yildan beri uzluksiz deputat boʻlib saylangan xotin-qizlardan biridir. Albatta, yarim asrga yaqin vaqt mobaynida deputat boʻlish, xalqning dardini eshitish, unga yechim topish yoʻlida tunu kun izlanish har kimning xam qoʻlidan kelmasa kerak.
Bugungi kunda “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri lavozimida ishlab kelayotgan qahramonimiz oʻz mehnat faoliyatini 1964-yilda boshlagan. Guliston Annaqilicheva 1980-1982 va 1982-1984-yillarda Xalq deputatlari Toʻrtkoʻl tuman kengashi deputati, 1984-2015-yillar davomida, 6 chaqiriqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, 2005-2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasiga deputat qilib saylanib, parlamentchilik faoliyatini takomillashtirishda katta tajriba toʻplagan.
U Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo munosabatlar qoʻmitasining aʼzosi sifatida keng faoliyat olib borib, Oʻzbekiston Parlamenti delegatsiyasi tarkibida Xitoy, Hindiston mamlakatlarida boʻlgan va bu davlat parlamentlari faoliyatini oʻrganib, qator maqolalari bilan matbuotda faol ishtirok etgan. Shuningdek, G. Annaqilicheva Oʻzbekiston XDP ning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzosi sifatida qator seminar va tadbirlarni oʻtkazishda tashabbuskor va tashkilotchi boʻlganligini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
2015-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi. 2020-yil G.Annaqilicheva ikkinchi marta Oliy Majlis Senati aʼzosi qilib saylandi. U Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi sifatida sohada olib borilayotgan islohotlarga katta hissa qoʻshib, faoliyat olib bormoqda.
Guliston Annaqilicheva deputatlik faoliyati davomida 200 dan ortiq xonadonlarda boʻlib 500 dan ortiq fuqarolarning yashash sharoitlarini oʻrgangan. Faoliyati davomida 20 marotaba sayyor qabullar oʻtkazib, ulardagi mavjud muammolarni yechish uchun turli tashkilotlarga koʻplab deputatlik soʻrovlari yuborgan. Shuningdek, mavjud muammolarga yechim topish, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident qaror va farmonlari ijrosi yuzasidan xalq deputatlarining doimiy komissiyasi yigʻilishlariga 40 ta hamda sessiya yigʻilishlariga 30 ta masala kiritgan.
Guliston Annaqilichevaning mehnat faoliyati va ijodi chin maʼnodagi vatanparvarlik gʻoyalariga yoʻgʻrilgan va yurt taraqqiyoti yoʻlidagi ezgu ishlarga hamohangdir. Unga har qancha havas qilsa arziydi. Millionlab ayol-qizlarning orzusidagi namuna qilib koʻrsatuvchi bir siymo deya taʼriflasak arziydi.
Guliston Annaqilicheva respublikada taniqli ijodkor, jurnalist va oʻz sohasining yetuk mutaxassisi sifatida tanilgan jamoat arbobi. Ijodi davomida 40 dan ortiq kitoblari oʻzbek, qoraqalpoq, rus va boshqa tillarda chop etilgan. Bunday qaynoq ijod har kimga nasb qilmasa kerak. Bu uyqusiz bedor tunlar, koʻp oʻqish, koʻp yozishning samarasi, albatta.
Guliston opa hozirgi kunda ham ijod bilan band. Uning Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan nashr qilingan “Koʻksimdagi nur” (2022 y) toʻplami “Adib va jamiyat” ruknida Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi “Ijod” fondi orqali chop qilindi. “Maxtimquli 1-2 tom” (2022) kitobi oʻzbek tili tarjimasida, “Qoraqalpoq kengliklari” (2023) kitoblari nashr qilindi.
Shuningdek, shoiraning sheʼrlari Turkiya sheʼriy almanaxlarida turk tilida, Turkmaniston jurnallarida turkman tilida, Germaniyada 2002-yili “Sharq sheʼriyati” kitobida nemis tilida bosib chiqarilgan.
Shoiraning bir necha asarlari rus tiliga oʻgirilib, kitob boʻlib bosildi. “Zemlya otsov” (1986), “Prekrasnoye chuvstvo” (1989) nomli kitoblari turli yillarda yozilgan sheʼriy va nasriy asarlari majmuasidan iborat. Muallifning “Izbrannoye” ikki tomlik kitobi (2015) rusiy zabon oʻquvchilar uchun munosib tuhfadir. Ushbu kitoblar va internetdagi “Stixi RU”, “Proza RU” saytlarida eʼlon qilingan 300 dan ortiq nasriy va nazm asarlari uchun Moskvadagi “Iskusstvo narodov mira” Xalqaro Assotsiatsiyasining laureati unvonini olgan. Shu bilan birga Guliston opa kinossenarist sifatida ham muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. U «Mehrli dunyo”, “Taqdir yoʻllari”, “Guloyim va Arslon”, “Ustyurtga yoʻl” kinossenariylarining muallifidir. “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida taniqli rejissyor A.Gʻaniyev bilan hamkorlikda “Ustyurtga yoʻl” badiiy filmi yaratildi.
2019-yilda shoiraning “Guloyim” opera uchun librettosi kompozitor N.Muxammeddinov bilan hamkorlikda sahnaga qoʻyildi.
Adibaning isteʼdodli qoraqalpoq haykaltaroshi J.Quttimurodov haqida yozgan “Qaytmoq uchun ketmoqdaman” essesi 2002-yilda “Tafakkur” jurnalining eng sara asarlari tanlovida birinchi sovringa sazovor boʻldi.
Guliston Annaqilicheva oʻz jurnalistik faoliyati davomida 2006-yil Xotin-qizlar qoʻmitasining “Guloyim” gazetasiga, 2011-yil yanvar oyidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yozuvchilar Uyushmasining “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetalariga asos soldi. Hozirda bu gazetalar oʻz oʻquvchilariga ega boʻlib kelmoqda.
2019-yildan eʼtiboran Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy maʼrifiy ishlar targʻibotchilar guruhi sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.
Guliston Annaqilicheva ijod bilan birga, davlat va jamiyat ishlarini ham qoʻshib olib bordi. Mehnat faoliyati davomida Toʻrtkoʻl tuman gazetasining Bosh muharriri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi kotibi, Joʻqorgʻi Kengesi Qoʻmita raisi, Joʻqorgʻi Kengesi raisining oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, “Qoraqalpogʻiston tongi” gazetasining Bosh muharriri lavozimlarida ishladi.
Onalar haqida gapirganimizda ularni ulugʻ zot, shunday buyuk yaratuvchi, moʻjizaviy xilqat, muqaddas inson sifatida koʻramiz. Insonga hayot bagʻishlovchi, uni yashashga undovchi fazilatlarini toʻliq tasvirlab boʻlmaydi. Shu onalar singari Guliston opa haqida xam shunchaki yozib boʻlmaydi. U haqida yurakning toʻridan muhabbatga qorishgan soʻzlar bilan yozish kerak. Chunki, Guliston opa barchamiz uchun katta hayot maktabini yaratgan. Uning bosib oʻtgan yoʻllari barchamizga dars beradi.
Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, jamiyat va oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shunday islohotlarning amalga oshirilishida Guliston Annaqilicheva singari minglab onalarimiz, ayollarimiz bir safda turib, farovon hayot, buyuk kelajak uchun intilmoqda.
Guliston opa haqida qancha gapirsak xam kamlik qiladi, menimcha. Unga havas qilmaydigan, undan oʻrnak olmaydigan ayol kam boʻlsa kerak. Har bir qadamida haqiqiy moʻjiza yaratib kelayotgan ustozimizning izdoshi boʻlish men singari qizlarning orzu havasi desam yanglishmagan boʻlaman. Jamiyatda, hayotda yorugʻ yulduz kabi yaraqlab, ziyo nurini taratuvchi Guliston opa baxtimizga hamisha omon boʻlsin.
Gulnaz Dalibayeva,
OʻzXDP Qoraqalpogʻiston Respublika kengashi
xotin-qizlar bilan ishlash sektori mudiri