"Katta Langar Qurʼoni” qoʻlyozmasi qachon yaratilgan?

    Mazkur qoʻlyozma matni sayqallangan hayvon terisi — pergamentga bitilgan.

    Qurʼoni Karimning Yer yuzidagi eng moʻtabar nusxalardan biri “Katta Langar Qurʼoni” qoʻlyozmasi sahifalari bugungi kunda Sankt-Peterburg, Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida saqlanadi.

    Taxminlarga koʻra, qoʻlyozmaning umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yetib kelgan. Qolgan sahifalarning taqdiri sirligicha qolmoqda.

    Mazkur qoʻlyozma matni sayqallangan hayvon terisi — pergamentga bitilgan. Sahifalarning oʻrtacha oʻlchami 52,5x34,0 sm.ni tashkil etgan. Matnlar arab alifbosining kufiy-hijoziy xatida yozilgan.

    Sankt-Peterburgdagi Sharq qoʻlyozmalari institutida qoʻlyozmaning 81 sahifasi saqlanmoqda.

    Maʼlum boʻlishicha, ular 1936-yilda notanish keksa ayoldan sotib olingan. Olim Ye.Rezvan yozishicha, qoʻlyozmaning yaratilishi VIII asr oxiriga toʻgʻri keladi.