Joriy yil 1-yanvardan 1-fevralga qadar 32 755 242 ta (o'tgan yilning mos davriga nisbatan, 17 134 987 ta ko'p, ya'ni 191 % ga oshgan) xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali chop etilgan bo'lib, shundan 1 482 563 tasiga Soliq mobil ilovasi orqali 19,4 mlrd so'mlik keshbek hisoblangan. Bu haqida Davlat soliq qo'mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lumki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko'rsatish ob'ektlaridagi xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi QR-kodli chekini Soliq mobil ilovasida ro'yxatdan o'tkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1 % keshbekka ega bo'lmoqda.Ta'kidlash lozim, chakana savdo, maishiy xizmat va umumiy ovqatlanish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keshbek amaliyoti iste'molchilar orasida tobora ommalashib bormoqda.

Davlat soliq qo'mitasi keshbek amaliyoti to'g'ri qo'llanilishini doimiy nazorat qilib borishga mas'ul bo'lgani holda, bugungi kunga qadar keshbek uchun ro'yxatdan o'tkazilgan cheklar tahlil qilinganda, ayrim texnik xizmat ko'rsatish markazi (TXKM) xodimlari keshbekka ega bo'lish maqsadida vazifalarini suiiste'mol qilib, o'zgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid uchun shakllangan cheklarni o'z nomidan ro'yxatdan o'tkazish holatlari aniqlangan.

Jumladan, 3 nafar TXKM xodimi tomonidan o'zlari xizmat ko'rsatayotgan 281 ta tadbirkorlik sub'ektining 11 milliard so'mlik 15,9 mingta xarid cheki ro'yxatdan o'tkazilgan.

Xususan, TXKM xodimlari:

▫️Q.N. tomonidan 178 ta tadbirkorning 7 524 ta 5,8 mlrd so'mlik;

▫️Q.A. tomonidan 80 ta tadbirkorning 5 206 ta 4,6 mlrd so'mlik;

▫️R.F. tomonidan 23 ta tadbirkorning 3 131 ta 0,6 mlrd so'mlik cheklarini “Soliq” mobil ilovasida QR-kod orqali ro'yxatdan o'tkazgan.

Shu bois, “Soliq” mobil ilovasida yuqoridagi shaxslar tomonidan xaridni amalga oshirmasdan ro'yxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilinadi.