2021-yil may oyida Janubiy Orolboʻyi Oʻzbekiston-Rossiya kompleks arxeologik ekspeditsiyasi arxeologik ishlarining 2-mavsumi ish boshladi.

Ekspeditsiya ishlarida OʻzR FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq gumanitar fanlar instituti hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi N.N.Mikluxo-Maklay nomidagi etnologiya va antropologiya instituti, Rossiya Sharq xalqlari sanʼati muzeyi ilmiy xodimlari ishtirok etmoqda, deya xabar beradi OʻzFA matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, Ellikqalʼa tumani hududida joylashgan “Katta Qirqqiz qalʼa” yodgorligida amalga oshirilgan arxeologik qazish ishlari mazkur mintaqada qadim davrlarda yashagan xalqlar tarixi toʻgʻrisida yangi maʼlumotlarga asos boʻladi. Arxeolog-olimlarning taʼkidlashicha, mazkur yodgorlik miloddan avvalgi IV-III asrlarda qoʻrilgan boʻlib, milodiy VII-VIII asrlargacha gullab-yashnagan.

Qalʼaning gʻarbiy tomonida tashqi kompleks – yirik monumental bino mavjud boʻlib, unda arxeologik qazish davomida antik keramika namunalari, maishiy buyumlar, eng asosiysi, butun kamalak ranglarini oʻzida jamlagan devoriy rangli tasvirlar namunalari topildi. Hech qanday mubolagʻasiz aytish mumkinki, mazkur obyekt noyob arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Bunday tashqari, qalʼa hududidan tangalar ham topildi va ularni restavratorlar oʻrganmoqda.