Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 2-iyul kuni poytaxt koʻchalarida Tracker-2 rusumli avtomashina haydovchisi belgilangan tezlik meʼyorlariga rioya qilmay, soatiga 170 km tezlikda harakatlandi va jarayonni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Bu esa jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Holat boʻyicha Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirildi. Tekshiruvlar natijasida Tracker-2 avtomashinasi 1996-yilda tugʻilgan Farrux ismli shaxsga tegishli ekanligi va avtomashinaga ruxsatnomasiz qayta jihoz oʻrnatganligi aniqlandi.
Qoidabuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borilib, avtomashina vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.