Shahar hokimining yozishicha, 2021-yil 28-dekabr kuni “Marokand gold oil extraksiya” MCHJ rahbari Saydin Roʻziyev hokimiyatga kelib, Respublika tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi oʻrinbosari Nodir Xudoyberdiyevichning topshirigʻi asosida ushlab turilganligini aytgan.
“Shundan soʻng men Nodir Xudoyberdiyevichning telefon raqamini topib telefon qildim. Bir necha bor qilgan telefon qoʻngʻiroqlarimga javob bermagandan soʻng SMS orqali telefonimni koʻtarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan soʻng va nihoyat Nodir Xudoyberdiyevich bilan telefon orqali bogʻlanib chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan oʻtkazishga yordam qilishini iltimos qildim. Nodir Xudoyberdiyevich «...opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman” dedi. Shundan soʻng viloyat hokimi Murotjon Berdialiyevichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib vaziyatni tushuntirdim va chigitni qoʻyib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa “... masalani oʻrganib chiqib maʼlum qilaman” dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning telegramiga tashlab berdim. Javob boʻlmagandan soʻng telegramiga va qoʻl telefoniga SMS lar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji boʻlmadi», deb yozadi senator Gavhar Alimova.
Oradan 3 kun oʻtib va nihoyat 2-yanvar kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini soʻrab Farhod va Jahongir deb oʻzini tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.
«Tadbirkor S.Roʻziyev bundan xursand boʻlib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Nodir Xudoyberdiyevich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qoʻyib yubora olmasliklarini maʼlum qilgan.
Shundan soʻng men yana janob Nodir Xudoyberdiyevichga qoʻngʻiroq qilganimda “...hozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qoʻyib yuborishga hech qanday ruxsat yoʻq” deb aytdi. “Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qoʻyib yubora olmayman” dedi», – qayd etadi Kattaqoʻrgʻon hokimi.
Senator oʻz murojaati yakunida, 100 tonna chigitni olib oʻtish uchun 4 kun sarson boʻlganini, murojaatiga va yozgan SMS lariga viloyat hokimi “ha” yoki “yoʻq” deb javob berishi ham qiyin boʻlganini aytadi.
“Yangi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham afsuski tatimadi. Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni oʻtkazish uchun 4 kun bezovta boʻlishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yoʻqku...! Men bu murojaatimga umid bilan javob kutaman”, deb yozadi Gavhar Alimova.
Kattaqoʻrgʻon hokimi oʻz murojaatida Qashqadaryo rahbarlariga yuborgan SMSlarini ham ilova qilgan.