Bayram arafasida kattaqoʻrgʻonlik kitobxonlar uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan Axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi.

Ushbu markazi 2020-yil 1-yanvardan 1-son umumtaʼlim maktabining bitta xonasida ish faoliyatini boshlagan edi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-sentyabrdagi 580-sonli “2020-2022-yillarda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Kattaqoʻrgʻon shahar “Gʻarb-machit” mahallasi hududidagi 1-son umumtaʼlim maktabining foydalanilmay boʻsh turgan binosi Kattaqoʻrgʻon shahar Axborot-kutubxona markazi balansiga oʻtkazildi.

Samarqand viloyati xokimi E.Turdimov hamda shahar hokimi G.Alimovaning saʼy-harakatlari bilan ushbu binoda 718 million soʻm mablagʻlik kapital taʼmirlash ishlari olib borildi. 160 million soʻmlik mablagʻ bilan jihozlanib, moddiy texnika bazasi takomillashtirildi.

Markaz dastlab 9898 dona adabiyotlar bilan xizmat koʻrsatishni boshlagan boʻlsa, 2020-yilda kitoblar fondi 22074 donaga, 2021-yil III- choragiga qadar 15502 donaga koʻpaytirilib, kitob fondi 47474 donaga yetkazildi. Kattaqoʻrgʻon shahar Axborot-kutubxona markazi oʻz veb-saytiga ega. Maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari hamda mahallalar bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar asosida koʻchma kutubxonalar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi axborot xizmati.