— Kirsam boʻladimi, ajrashish uchun ariza bermoqchidim, — u gapni choʻzib oʻtirmasdan darhol maqsadini maʼlum qildi.

— Keli-i-ing, oʻtiring, — Kun avvalidan yoqimsiz murojaat bilan kelgan Barno Boyqoʻziyevaning (yarashuvchilar xohishiga koʻra ismlar oʻzgartirilgan) gapidan koʻngli choʻkkan mudira biroz shoshib qoldi. Oʻzi guvohligida bunyod boʻlgan oilaning darz ketayotgani uning ruhini sindirdi.

— Nima uchun ajrashmoqchisiz, axir oila qurganlaringizga hech qancha boʻlmadi? — deya soʻradi mudira ajrim sababini aniqlash maqsadida.

— Oilaviy kelishmovchilik. Erim menga qoʻl koʻtardi. Yana...

Mudira Barnoning arz-dodini eshitarkan miyigʻida kulimsirab qoʻydi. “Mana bugunning yoshlari...”, deya xayolidan oʻtkazdi ham. Bu ishi yaxshi emasligini, chuqur oʻylab koʻrishini maslahat berdi. Unga ruhiy madad berishga harakat qildi. Ammo ayol qarori qatʼiy ekanini aytdi...

Shunday boʻlsa-da mudira unga vaqt berdi. Oilani saqlab qolish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashdi. Oradan bir necha hafta oʻtdi. Vaziyat oʻnglanmagach, masalani chuqurroq oʻrganish uchun 22-iyun kuni viloyat prokraturasi vakili, mahalla rahbariyati bilan yoshlarning xonadoniga borib, oila aʼzolari bilan profilaktik suhbat oʻtkazdi.

— Endi nima boʻladi? Bizni deb shuncha odam ovora, — xayolidan oʻtkazdi Barno tevarakka koʻz tashlar ekan. — Arazlab ham ketdim, lekin tugʻilib oʻsgan uyimga ham sigʻmadim-ku. Chiqqan qiz chigʻiriqdan nari, deganlari shu ekanda-a?.. Bundan battari boʻlmaydi. Biroq toʻydan oldin oʻldim, kuydimlab ortimdan qolmagan yigitning toʻydan hech qancha oʻtmasdan qoʻl koʻtarishini qanday tushunay? Unga achchiq qilib, ajrashdik ham deylik, keyin nima qilaman? Toʻxta, Barno. Oilamiz buzilmasin, deb shular jonkuydirib kelib turgan paytda meni ularning gapiga kirmasligim oqibati yaxshi boʻlmas…

Saʼy-harakatlar natijasida yosh oila yarashishga qaror qildi. Yoshlikka borib, xato qilganlarini aytib barchadan uzr soʻradi. Oʻzidan ham koʻproq jon kuydirgan mudiradan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.

M.Hasanov,
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati rahbari