Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini qoʻllab-quvvatlash borasidagi tadbirlar bugun ishsiz xotin-qizlar, yoshlarni ish bilan bandligini taʼminlashda ular uchun daromad manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kattaqoʻrgʻon shahrida ham mahallalar kesimida oʻtkazilgan xatlovlar natijasida shakllantirilgan “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga roʻyxatga olingan yoshlar va xotin-qizlarning istaklaridan kelib chiqib, ular oila iqtisodini taʼminlashga xizmat qiladigan resurslar bilan taʼminlanmoqda.
Bugun ham shahar hokimligiga taklif etilgan 200 dan ortiq xotin-qizlar va yoshlar oʻzlarining daromad manbalariga ega boʻlishdi. Shahar hokimligi tomonidan sektorlar kesimida ularning 66 nafariga tikuv mashinalari, 80 nafariga pishiriq pechlari, shuningdek 27 ta payvandlash uskunasi, 9 ta qishloq xoʻjalik minitexnikasi - motokultivator, 12 ta sartaroshlik uskunasi, 1 ta kulolchilik, 4 ta duradgorlik, 7 ta avtomashinalarni yuvish, 2 ta poyabzal taʼmirlash hamda 6 ta telefon tuzatish uskunalari taqdim etildi.
Tadbirda Kattaqurgʻon shahar hokimi, senator Gavhar Alimova bugun yurtimizda ayollarga, xususan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, bu borada shahrimizda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida soʻz yuritdi. Albatta, xotin-qizlarimiz ham bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻzlari uchun daromad manbaini yaratishlari, oilalarining tinchligi va totuvligini taʼminlashda, farzandlarini komil insonlar qilib tarbiyalashda munosib hissalarini qoʻshishlari lozimligini taʼkidladi. Oʻz navbatida, bu gʻamxoʻrliklardan mamnun boʻlgan xotin-qizlar ham minnatdorchiliklarini bildirdi.
- 2 nafar farzandim bor. Hech qayerda ishlamayman. “Ayollar daftari”ga roʻyxatga kirganman. Hozirda kasb-hunar egallash uchun tikuvchilik boʻyicha oʻqiyapman. Bugun menga tikuv mashinasi berildi. Bu, albatta, kelgusida oʻzimni bandligimni taʼminlash va oilamni moddiy ahvolini yaxshilash uchun katta imkoniyat boʻldi, - deydi “Qoʻshhovoʻz” mahallasida yashovchi Aziza Normurodova.
Bugun koʻplab kattaqoʻrgʻonlik xotin-qizlar va yoshlar oʻzlarining daromad manbalariga ega boʻldi. Kattaqoʻrgʻon shahrida sektorlar va mahallalar kesimida xotin-qizlarni muammolarini hal etish, tikuvchilik, kasanachilik, parrandachilik, tadbirkorlik orqali ularning bandligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar davom etadi.