Masalan, respublikadagi jami sanoatning 62 foizi, xizmatlarning 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman-shaharga toʻgʻri keladi. Uch yil oldin ushbu tumanlarda mahalliy byudjetning qoʻshimcha daromadi jami 875 milliard soʻm boʻlgan. Endi esa ularga 8,5 barobar koʻp, yaʼni 7 trillion 400 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushadi.

Shu bois, 50 ta tuman hokimi imkoniyatini ishga solib, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni koʻpaytirish boʻyicha qattiq ishlashi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada poytaxtdagi 12 ta tumanda biznes reja ishlab chiqilib, byudjetga yana 5,5 trillion soʻmlik tushum manbasi aniqlandi. Masalan, Olmazor tumanida joriy yil mahalliy byudjetga qoʻshimcha 525 milliard soʻm kelib tushishi kutilmoqda.

Masalan, “Kaykovus” kanalining 2 kilometr qismi Eski shahar hududidagi 8 ta mahalladan oʻtgan. Endi ushbu 8 ta mahalladagi hokim yordamchilari bitta “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal boʻyida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlaydi.

Xuddi shu tartibda turizm, taʼlim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, koʻl boʻyi, gavjum koʻchalar kabi yoʻnalishlarda ham hokim yordamchilaridan iborat “loyiha guruhlari” tashkil qilinadi.