Muzokaralarning birinchi raundida kompaniya tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihasi doirasida sunʼiy charm ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirishning tashkiliy va amaliy jihatlari muhokama etildi.
Maʼlumot uchun: KDTECH Group Co., Ltd 1993-yilda tashkil etilgan. Asosan ekologik sintetik charm, oʻrindiq qoplamalari, avtomobillarning ichki interyeri uchun nocharm materiallar va sunʼiy charm, ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi. Avtomobillarga kompozit ishlov berish bilan shugʻullanadi. Sanoat zanjiri integratsiyasining afzalliklariga tayangan holda, kompaniya mijozlarga avtomobil interyeri uchun kombinatsiyalarni taqdim etib kelyapti.
Tomonlarning bir oy oldingi uchrashuvidan soʻng XXR kompaniyasi Oʻzbekiston charm sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, eksport bozorlari boʻyicha tahlillar oʻtkazdi. Loyihani amalga oshirishning afzalliklari koʻrib chiqildi. Ushbu tahlillar asosida “KDTECH Group” avtomobillarning ichki interyeri uchun sunʼiy charm ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun oʻz sarmoyasini yoʻnaltirish boʻyicha qaror qabul qildi.
Qayd etish kerak, yildan yilga Oʻzbekistonda avtomobilsozlik, charm-poyabzal sohalarida sunʼiy charmga boʻlgan talab ortib boryapti. Shu bois, “KDTECH Group” bu yerda sunʼiy charm ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etishni maqsad qilgan.
Uchrashuvda mazkur loyihani amalga oshirishning tashkiliy, huquqiy, moliyaviy jihatlari atroflicha koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.