Kecha “Ayollar va yoshlar daftari”da turgan ayollar bugun ish beruvchiga aylandi

    Biznes 16 Iyul 2021 1336

    Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida yashovchi Irodaxon Yunusova ikki oy avval “Temir daftari”da edi. Bugun esa uning mahsulotlari vodiy bozorini egallab, endi Xorazmga chiqyapti.

    Uch farzandning onasi Irodaxon Yunusova Oʻzbekiston tumanining “Beruniy” mahallasida yashaydi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan Irodaxon tikuvchilikdan yaxshigina boxabar edi.

    Tijorat bankidan ajratilgan 25 million soʻmlik imtiyozli kredit evaziga 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qiladi. Shu tariqa oʻz yumushini yengillatib, asta-sekin daromadini koʻpaytira boshlaydi. Yoniga yana 5 nafar ishsiz mahalladosh qizlarni ham olib, bugun chaqaloqlardan tortib yoshi katta ayolu-erkaklar kiyimlarini tikyapti.

    Hozirda u maxsus daftar roʻyxatidan chiqqan. Bozori xaridorgir sifatli kiyim-kechaklarini Andijonu, Namangan, hatto Xorazmgacha yetkazib bermoqda.

    «Barchasi astoydil qunt va halol mehnatga bogʻliq. Shukr, olayotgan daromadimiz yomon emas. Kuzda kamzul va kurtkalar tikishga oʻtamiz. Keyinchalik esa tikuv sexi ochish niyatidamiz», — deydi tikuvchi.

    Nargizaxon Ergasheva ham mahallaning Turkiston koʻchasida istiqomat qiladi. Ikki oy oldin “Yoshlar daftari” roʻyxatiga turgan Nargizaxon bugun uddaburon ishboshi. Bichish-tikishning hadisini 12 yil avval olgan yosh tikuvchi «Agrobank»ning imtiyozli krediti asosida 7 ta tikuv mashinasiga ega boʻldi.

    Oilasining oʻzida 5 kishi shu ish bilan band, mahalladoshlaridan esa 9 nafar ayol-qizlarni oʻz yoniga olgan. Ayollar va yosh qizchalarga tikayotgan koʻylaklariga buyurtmalar koʻp.

    “Onam boshchiligida uyda shogirdlarim bilan kiyimlarni tayyor holatga keltiramiz, dadam esa Qoʻqon bozorida ularni sotishga yordamlashadilar. Mahsulotlarimiz yurtimizning koʻplab viloyatlariga yetib boradi, lekin asosiy buyurtmachilarimiz qoʻshni Qirgʻizistoning Oʻsh va Bishkek shaharlari hamda Qozogʻiston davlatidan”, — deydi mohir tikuvchi.

    Ukasi Xudoyorxon ham ish yuritishda asosiy koʻmakchi, hattoki u ham har qanday matoni yaxshigina tika oladi.

    Taʼkidlashicha, xonadonda bir kunda 1 ta tikuvchi 20 tagacha koʻylak tika olar ekan. Ayollar koʻylaklarining bozordagi oʻrtacha narxi 70-80 ming soʻmni tashkil etadi. Qoʻli kelib qolgan 6 ta shogirdiga 600 ming soʻmdan ish haqqi ham beradi.

    Bugun oʻz ishini puxta yoʻlga qoʻyib olgan Nargizaxon maxsus daftar roʻyxatidan chiqqan. Mehnati orqali oilasi va mahalladoshlariga nafi tegayotganidan mamnun, deb xabar beradi Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani hokimligi matbuot xizmati.