Oʻzbekiston tumanida qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida qish faslining oxirgi oylari, bahorning ilk kunlarida ularning koʻplariga yer ajratib berilgan edi.

Hududlardagi fermer xoʻjaliklari dala maydonlaridan yer olib, dehqonchilik qilgan yoshlar bugun oʻz hosillarini yigʻishtirib olyapti.

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlagan ana shunday fermer xoʻjaliklaridan biri “Ozoda aya Rajabgardi” xoʻjaligida ayni kunlarda ish yana-da qizgʻin. Boisi, taʼkidlaganidek bu yerda yoshlarning baʼzilari oʻz ekkan-tikkanlaridan hosil koʻtarayotgan boʻlsalar, baʼzilari soʻnggi parvarish ishlari bilan band.

Dalada yoshlar ekkan mosh, loviya, kartoshka, sabzi, lavlagi, pomidor, qalampir va bulgʻor qalampirlari yetarli hosil tukkan. Ayrim yoshlar munosib daromad olish uchun xattoki xrizantema gullarigacha ekishgan.

— Fevralning oʻrtalarida atrof qishloqlardagi 23 nafar ishsiz yoshlarning har biriga 20-25 sotixdan yer maydoni ajratib bergan edik. Mehnatlari natijasini koʻrib, biz ham benihoyat quvonyapmiz. Xohlovchilariga birinchi hosilini yigʻishtirib olgandan soʻng ikkinchi ekinni ekishlariga ham imkoniyat berganmiz, — deydi fermer xoʻjalik rahbari Ixtiyorjon Meliyev.

Fermerning qoʻshimcha qilishicha, davlatimiz rahbarining tashabbusiga koʻra, yangi tartib asosida shu kungacha yana 40 dan ortiq fuqarolarga 15 gektar yer maydoni ikkilamchi shartnoma asosida ajratib berilgan.

— Berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, fermerning 20 sotix yeriga kartoshka ekkan edim. Yaxshigina hosil oldim. Kartoshkani yigʻishtirib boʻlib, ikkinchisiga mosh ekaman, — deydi “Yoshlar daftari”dagi qayquobodlik Shoxsanamxon Inomova.

Oʻzbekiston tumanidagi koʻplab fermer xoʻjaliklari dala maydonlarida ishli boʻlgan yoshlar bugun ana shunday halol mehnatlarining mevasini tatib koʻrmoqdalar, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati Oʻzbekiston tumani hokimligi maʼlumoti asosida.