– “Qoʻlimizda yeru osmon, imkon bizniki”. Har gal hofiz shunday kuylaganida koʻzimga yosh kelardi, – deydi Majidxon. – Uzoq yillar balandparvoz gapirdik, lekin natija boʻlmadi. Yoshlar – yurt kelajagi, ularga ishonamiz, deyildi-yu umid bilan boqqanimizda yuzlar ters burildi. Biz esa mardikorlik uchun oʻzga yurtlarga yoʻl oldik.

Orzular fursatidan imkoniyatlar davrigacha

Majidxon koʻp yillar chet elda ishladi. Haqorat eshitdi, xoʻrlandi, lekin chidadi, tinimsiz mehnat, izlanish va intilishda boʻldi.

– Xitoy va Turkiyada ishlab yurganimda u yoqlardagi sharoitni koʻrib, havas qilardim. Oʻzimizda ham milliy brendlarimizni yaratishni orzu qilmagan paytim boʻlmagan, – deydi M.Islomov. – Ayniqsa, Turkiyadaligimda “men ham oʻz korxonamni ochaman, Urgut brendi bilan mahsulot ishlab chiqaraman”, deb niyat qilardim. Baʼzan qiynalgan paytlarimda “shu hunarni oʻrganib olsam, oʻzimizga borib hammaga oʻrgataman, hech kimdan yordamimni ayamayman”, deb oʻzimga oʻzim soʻz ham berardim. Lekin u paytlari bunga oʻzimizda na sharoit, na imkon bor edi. Chunki, 2017-yilgacha yurtimizda tadbirkorlik qilish uchun juda koʻp harakat qilganman. Har safar qogʻozbozligu, qarshiliklar sabab tadbirkorlik orzu boʻlib qolaverdi.

Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha, intilganga tole yor.

2017-yilda faoliyatini ijaraga joy olib, besh-oʻnta tikuv mashinasi va shuncha ishchi bilan boshlagan Majidxon Islomov bugun “Urgutini” va “USS” brendi ostida erkaklar koʻylaklari ishlab chiqarayotgan “Urgut sanoat servis” korxonasi rahbari. Hozirda Urgut iqtisodiy zonasida faoliyat yuritmoqda.

Bu yerda 50 dan ortiq ishchi, asosan yoshlar Turkiya va Xitoydan keltirilgan uskunalar yordamida yiliga 600 ming dona erkaklar koʻylagi ishlab chiqarmoqda. Oʻtgan yili korxona 10,2 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, 100 ming dollarlik mahsulot eksport qildi. Bu yil ishlab chiqarishni 2 milliard soʻmga, eksportni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.

– Koʻplab yoshlarga shu hunarni oʻrgatdim, hozir ular ham mustaqil faoliyat olib boryapti, – deydi M.Islomov. – Payariq, Qoʻshrabot tumanlari, Samarqand shahridan kelib, ishlab, shu hunarni oʻrganib ketganlar koʻp. Yaqinda payariqlik shogirdimning otasi qoʻngʻiroq qilib, “biz ham ishlab chiqarishni boshladik” dedi va minnatdorlik bildirdi. Mana shunday paytda qalbimda uygʻongan quvonch va faxrni soʻz bilan taʼriflash qiyin.

“Katta kuch, maʼnaviy madad oldim”

Joriy yil 15-16-aprel kunlari Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Urgut tumanida ham boʻldi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi erkin iqtisodiy zonada faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishdi, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Jumladan, Majidxon Islomov bilan ham.

– Men davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan juda katta kuch, maʼnaviy madad oldim va oldimga katta maqsadlar qoʻydim. Prezidentimiz mahsulotlarimiz namoyish etilayotgan joyga kelib “Sen haqingda eshitdim, xorijga borib ish oʻrganib kelib, oʻzimizda ishlab chiqarish bilan shugʻullanayotgan ekansan, rahmat senga”, deganining oʻzi meni koʻklarga chiqarib qoʻydi. Juda samimiy gaplashdi, otalardek mehribonlik koʻrsatdi. Bizni qoʻllab-quvvatlab, qanday yordam kerak boʻlsa imkon yaratib berishini aytdi. Mana shunday paytda qalbimda uygʻongan quvonch va faxrni soʻz bilan taʼriflash qiyin. Aslida, sanoat zonamizda tadbirkorga qanday imtiyoz va yengillik, imkoniyat kerak boʻlsa, barchasi yaratilgan. Bundan minnatdor boʻlishimiz kerak. Yaqinda Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan va shunday niyatdagi yoshlarga katta imtiyozlar berilishi, yoshlarni ishga qabul qilgan korxonalar ham koʻp yengilliklarga ega boʻlishi haqida aytildi. Buning uchun ham davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. Shu uchrashuvdan keyin menda qatʼiy ishonch paydo boʻldi. Nasib qilsa, korxonamiz faoliyatini klaster usulida kengaytiramiz, – deydi yosh tadbirkor.

Maʼlumot uchun aytish mumkin, bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha qiymati 313 million dollar boʻlgan 55 ta loyiha hayotga tatbiq etilib, hududda bir qator sanoat korxonalari ish boshladi va ularda 4300 dan ortiq kishi mehnat qilyapti. Ushbu korxonalarda gaz plitalari, charm-poyabzal, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi va qurilishda ishlatiladigan 220 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 2020-yilda 1,2 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.