Kechki hosil xonadonlarga baraka bo'lib kirmoqda

    633 nafar ishsiz yoshlarga 158 gektar yer maydonlari ajratib berildi.

    So'nggi yillarda aholi bandligini ta'minlash masalasida o'zgacha yo'l tutildi. Joylarda Davlatimiz rahbarining ishsizlik muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari asosida yerlar ajratildi. Yer bilan tillashishda katta tajriba to'plagan qishloq xalqiga yer maydonlarining bepul foydalanishga berilishi, “Har bir yoshga bir gektar” loyihasining amalga oshirilishi nafaqat bandlikni, shu bilan bir qatorda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda ham o'ziga xos o'rin tutmoqda.

    Birgina Piskent tumanida sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida “Yoshlar daftari” dagi 633 nafar ishsiz yoshlarga jami 158 gektar yer maydonlari ajratib berildi. Jumladan, 53 gektar sabzavot, 42 gektar poliz, 35 gektar dukkakli ekinlar va 28 gektar kartoshka ekish uchun ajratib berildi.

    Shu o'rinda ta'kidlash joizki, yer maydonlari nafaqat yoshlarga, balki ish bilan band bo'lmagan, lekin dehqonchilik hunariga uquvi bo'lgan odamlarga ham berildi. Piskent tumanidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan 15 ming nafardan ziyod aholi o'rtacha 40 sotixdan unumdor yerdan foydalandilar. Ularga jami 6 ming gektardan ortiq maydon taqsimlab berildi. Ular orasida 55 nafar “Temir daftar”, 758 nafar “Ayollar daftari”, 633 nafar “Yoshlar daftari” ga ro'yxatga olingan fuqarolar bo'lib, yerdan o'z xo'jaliklarini tiklab olishda foydalandilar.

    — Ajratilgan maydonlarga ekin ekilishida ayniqsa maxsus daftarlarda turgan fuqarolarga shudgorlash va urug'lik sepishda fermerlar tomonidan amaliy yordam ko'rsatildi, — deydi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi bosh mutaxassisi Olimjon Ozodov. Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan urug'lik va mineral o'g'itlar uchun 3 million so'mdan imtiyozli kreditlar ajratilgani ham odamlarning o'z xo'jaligini tashkil qilishida muddao bo'ldi.

    Tuman Dehqon, fermer va tomorqa yer egalari kengashi ma'lumotiga ko'ra, joriy yilda aholi uchun ajratilgan yerning 1099 gektar sabzavot, 125 gektar kartoshka, 89 gektar poliz, 3195 gektar dukkakli, 1162 gektar ozuqa ekinlari va 339 gektariga boshqa ekinlar ekilgan.

    Ayni vaqtda kuz, hosil yig'ish fasli. Tuman dalalarida aholi kechki ekinlarni yig'ib olmoqda. Qish oldi ko'tarilgan hosil xonadonlarga baraka bo'lib kiradi.

    Manzura RUSTAMOVA,

    Piskent tuman hokimligi matbuot kotibi