"Keksalar turizmi oyligi”da qanday imtiyozlardan foydalanish mumkin?

    Turizm 27 Oktabr 2020 2146

    Noyabr oyi Oʻzbekistonda “Keksalar uchun turizm oyligi” deb eʼlon qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 340-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq, mamlakat boʻylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini ragʻbatlantirish maqsadida “Keksalar uchun turizm oyligi”ni tashkil qilish vazifasi belgilangan.

    Joriy yilning noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb eʼlon qilingan, bunda keksalar turizm oyligini munosib oʻtkazish, ularning dam olishlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Respublikadagi 212 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona va mehmon uyi) xizmatlari uchun 50 foizgacha, 114 ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

    Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 1-30-noyabr kunlari Respublika ichidagi aviayoʻnalishlar uchun 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining (LPR3M, UPR3M, SPR3M, OPR3M tashqari) joriy narxlarga 25 foiz miqdorda va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan Respublika ichidagi amaldagi tariflarga 10 foiz miqdorda hamda “Uzautotrans Service” MCHJ tomonidan mahalliy yoʻnalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 15 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.

    Shu bilan birga, keksalarni ziyoratgoh va madaniy meros obyektlariga kirish uchun Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi 14 ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun kirish bepul etib belgilangan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi 49 madaniy meros obyektiga kirish uchun chegirmalar joriy etilgan.

    Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 14 hudud boʻyicha ziyoratgohlar va qadamjolarni oʻzaro bogʻlagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan barcha hududlardan fuqarolar yigʻinlaridagi keksa avlod vakillaridan iborat faollarni keng jalb etish boʻyicha targʻibot tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, Oʻzbekistonda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan keksalarning dam olishini mazmunli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi taʼminlanib, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilinadi.