Mamlakatimizda soʻnggi toʻrt-besh yilda inson haq-huquqlarini taʼminlash va kafolatlash, yurtdoshlarimiz manfaatini himoya qilish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash barcha islohotlarning tub mazmun-mohiyatiga aylandi. Ayniqsa, oʻzgalar parvarishi va koʻmagiga muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, davlat qaramogʻiga olib, moddiy-maʼnaviy koʻmaklashish, oʻksik koʻngillarga taskin berish, mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizga xos azaliy qadriyat sifatida yangi pallaga kirmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning shu yil 25-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yana-da rivojlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ham yurtimizda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga har tomonlama koʻmak berish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Keng qamrov va tarixiy ahamiyatga ega mazkur huquqiy hujjatlar tufayli Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va bu yoʻnalishda yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Mazkur qaror va farmonda qator vazifalar belgilangan boʻlib, ular uzoq yillar davomida yechimini kutib yotgan koʻplab masalalarning ijobiy hal etilishiga, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand yurtdoshlarimizga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari faoliyatida yangi xizmat turlarini joriy etish orqali vasiylikka olinganlarni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish ishlari yana-da yaxshilanadi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyati, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi hamda mutaxassislar tayyorlash, muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash ishlari takomillashtiriladi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning samaradorligi ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil va monitoring qilib boriladi. Odam savdosidan jabrlanganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimi muvofiqlashtiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanadi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy koʻmak koʻrsatiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga oʻz qiziqishidan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, dastlabki tibbiy yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratiladi. Sogʻliqni saqlash tizimining yuqori malakali mutaxassislarini jalb etgan holda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar har yili ikki marta dispanserizatsiyadan oʻtkaziladi. Sanatoriylarda rejali sogʻlomlashtiriladi va ixtisoslashtirilgan statsionarlarda davolanadi.
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari, shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratiladi. Bu toifadagi insonlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar muntazam takomillashtirib boriladi. Maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar, konsert dasturlarini tashkil etish orqali keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlanadi. Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning yurtimizdagi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga sayohati tashkil etiladi.
Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlarni qulay yashash sharoiti va shaxsiy gigiyena vositalari, oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash, odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalarini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish, jabrdiydalarga oʻz qiziqishidan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, bandligini taʼminlashga koʻmaklashishga koʻmaklashiladi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimiga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish, tizim xodimlarining malaka va kasbiy mahoratini oshirish, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlanadi. Jumladan, 35 ta muassasada 428 milliard soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib boriladi. Qirq milliard soʻmlik jihozlar va texnika bilan taʼminlanadi. Zarur tibbiy, fizioterapiya va sport anjomlari bilan jihozlanadi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari bajariladi.
Mamlakatimizdagi har bir “Saxovat” va “Muruvvat” internat uyidagi shart-sharoit oʻrganiladi. Qoʻshimcha bino qurish, taʼmirlash va jihozlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Urush va mehnat faxriylari pansionatida madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish uchun yangi bino qurish va ushbu muassasaga tutash uch gektar tashlandiq yerda “Nuroniylar” bogʻi bunyod etiladi. “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida qoʻshimcha va yordamchi funksiyalarni, yaʼni taom tayyorlash, kir yuvish, tozalash, texnik xizmat koʻrsatish, axborot-kommunikatsiya taʼminotini tashkillashtirishda autsorsing xizmatidan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi.
Bu yil may oyidan boshlab “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar har yili bir marta Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mablagʻlari hisobidan sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 10-11-sinf oʻquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalarining talabalari va yoshlarning muayyan tibbiy-ijtimoiy muassasalarda “ikki avlod” uchrashuvlari tashkil etiladi.
Alohida roʻyxatga olingan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz istiqomat qiluvchi pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslar holidan doimiy xabar olish tizimi yana-da kuchaytiriladi. Ularning hayotini mazmunli tashkil etish borasida koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlar yana-da takomillashtiriladi.
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida, sanatoriy turidagi maktab-internatlarda taʼlim-tarbiya olayotgan, nogironlgi boʻlgan bolalarning holidan xabar olish borasidagi ishlarning koʻlami oshiriladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, shahar va tuman kengashlari deputatlari bilan uchrashuv, davra suhbatlari, davlat va nodavlat jamoat tashkilotlari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga toʻsqinliksiz kirishi va foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus aksiyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bepul yuridik maslahat xizmatlari muntazam tashkil etilishiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Bu kabi ezgu amallarni, xayrli ishlarni bajarishga hamkor tashkilotlar hamda saxovatpesha hamyurtlarimiz ham munosib hissa qoʻshishadi. Barchamiz yagona maqsad atrofida birlashib ishlaymiz. Bu ezgu amal ayni paytda yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatiga uygʻun tarzda xalqimizning bugunidan rozi, ertasidan xotirjam boʻlib yashashiga zamin yaratadi.
Alisher INOQOV,
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori