Kelajagimiz tamal toshi

    Fikr 8 Dekabr 2025 80

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasi faqat qonunlar toʻplami emas – u har bir fuqaro, ayniqsa yosh avlodning hayoti, kelajagi va orzulari uchun mustahkam huquqiy asosdir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 16-noyabrda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishda: “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”, deya taʼkidlar ekan, Vatanimizning bugungi ozodligi va obodligi, xalqimiz tinchligi va farovonligiga Konstitutsiya nomlanmish tarixiy hujjat asos boʻlishini eʼtirof etgandi.

    Darhaqiqat, erkinlik sharoitida yashayotganmiz yangi tariximizda neki oʻzgarishlar va yangilanishlar boʻy koʻrsatgan, qanday yutuq va muvaffaqiyatlarga erishayotgan boʻlsak, beistisno, barcha-barchasining asosida shaklan moʻjaz, biroq mohiyatan ulkan mana shu hujjat turibdi. Zero, Sizu bizning hayotimiz, tirikchiligimiz, sogʻliq-omonligimiz, kichik vatan boshpanaga egaligimizdan tortib, farzandlarimizning sogʻ-salomat unib oʻsishi, taʼlim-tarbiya olishi, qariyalarimizning rohat va farogʻat topishi, emin-erkin ibodat qilishi... singari yuzlab, minglab hodisotlar tartibini belgilab beradigan hamma qonunlar, qonunosti hujjatlari aynan shu Qomus oʻzida mujassam etgan maqsad-muddaolardan kelib chiqadi, unga mos boʻlishi shart va majburiydir.

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasi faqat qonunlar toʻplami emas – u har bir fuqaro, ayniqsa yosh avlodning hayoti, kelajagi va orzulari uchun mustahkam huquqiy asosdir. Ayniqsa 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada yoshlarga oid boʻlimlar yanada aniq, keng va amaliy ruhda ifoda etildi.

    Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqa boʻlib, aholisining oʻrtacha yoshi 27,6 yoshni tashkil etadi. Mintaqa aholisining 50 foizga yaqini Oʻzbekiston Respublikasiga toʻri keladi. Mamlakat aholisining 18,9 mln. nafari yoki 54 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalar tashkil etadi. Mamlakatimizning kelajagi boʻlgan yoshlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar ertangi kunning qanday boʻlishini belgilaydi.

    Quyida Konstitutsiyaning yoshlar hayotiga bevosita taalluqli muhim moddasi va uning hayotiy maʼnosi haqida soʻz yuritamiz.

    Konstitutsiya 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb belgilab qoʻyilgan.

    Mazkur moddadan koʻzlangan maqsad – yoshlarni jismonan solom, maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, ilmiy va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga faol jalb qilishdan iborat.

    Bu moddada yoshlar – jismoniy, intellektual, ijtimoiy, madaniy jihatdan rivojlanish uchun davlat kafolatiga ega ekani, ularning taʼlim, sogʻliq, uy-joy, ishga joylashish, dam olish kabi huquqlari taʼminlanishi va yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi ragʻbatlantirilishi belgilanadi. Yaʼni, yoshlar fuqaro sifatida toʻliq huquq va imkoniyatlarga ega, davlat ularni qoʻllab-quvvatlaydi. Ularning jismoniy, aqliy, maʼnaviy va madaniy rivojlanishi davlatning zimmasida.

    Mavridi kelganda, shuni alohida taʼkidlash joizki, Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning Prezident sifatida birinchi boʻlib tasdiqlagani “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida mamlakatimiz yoshlari (16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan millionlab fuqarolar!) “bepul tibbiy yordam olish” huquqiga ega ekani belgilab qoʻyildi.

    Aslida ham, sharhlanayotgan 79-modda davlatimizning asosiy vazifasi barkamol avlodni yetishtirish, ham jismonan, ham ruhan tetik insonni tarbiyalash, shakllantirishdan iboratligini nazarda tutadi. Zero, sogʻ tandagina sogʻlom aql, sogʻlom dunyoqarash, sogʻlom maqsadlar boʻladi. Ana shunday shaxslargina mustaqillik fidoyisi va himoyachisi boʻla oladi.

    Konstitutsiyaning 79-moddasi yoshlarni mustaqil, bilimli, sogʻlom va faol fuqaro sifatida shakllantirishni kafolatlaydi. Bu moddada yoshlarning davlat va jamiyatning muhim qismi ekanligi, mamlakat kelajagi bilan bogʻliqligi tan olingan. Yoshlarga taʼlim olish, rivojlanish, ijtimoiy himoya, sogʻliq, uy-joy, ishlash, dam olish kabi asosiy huquq va imkoniyatlar belgilangan. Yoshlarning siyosiy, ijtimoiy, madaniy jarayonlarda faol ishtirok etishi kafolatlangan.

    Yurtimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish borasidagi ishlar salmogʻi har qachongidan ham ortib bormoqda.

    Yoshlar yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qodir bunyodkor avlod, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat barqarorligining eng ishonchli tayanchidir. Bugungi kunda yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ulardagi tashabbuskorlik va fidoyilikni ragʻbatlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar oʻzining amaliy natijalarini koʻrsata boshladi. Shuningdek, zamonaviy oʻzbek yoshlari koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ishonchni munosib ravishda oqlab, taʼlim, fan-texnika, sport, madaniyat va tadbirkorlik kabi qator sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari orqali yurt taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga hissa qoʻshmoqda. Soʻnggi uch yilda nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda mamlakat yoshlari tomonidan 5 299 marotaba sovrinli oʻrinlar qoʻlga kiritilgan, xususan, madaniyat va sanʼat sohasida 446 ta, sport sohasida 4 838 ta, fan-taʼlim sohasida 15 ta. Bu oddiy raqamlar emas, davlatimizning yoshlarga bildirgan ishonchi va eʼtiborining natijasidir. Shu bilan birga, yosh avlod mazkur ishonchni mustahkam bilim, innovatsion faollik va ijtimoiy masʼuliyat bilan oqlayotgani, yangi Oʻzbekistonning barqaror va farovon kelajagini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilayotganini koʻrsatadi

    Dilnavoz Tojiboyeva,

    Toshkent davlat yuridik universitet dotsenti