“Kelajak” bolalar folklor jamoalari respublika festivali boshlandi

    Xalqimizning qadimdan shakllangan folklor sanʼati har bir hududning oʻziga xos ohanglari, qadriyatlarini ifoda etishi bilan ahamiyatlidir.

    Keyingi yillarda ushbu sanʼat turini keng ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Jumladan, Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, yosh isteʼdodlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida Andijon shahrida “Kelajak” bolalar folklor jamoalari respublika festivaliga start berildi.

    Festival xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan “Lapar”, “Yalla”, “Oʻlan”, baxshichilik sanʼati, urf-odat va anʼanalarimizni ulugʻlovchi oʻyinlar, raqs, qoʻshiq, musiqa ijrochiligi yoʻnalishlarini qamrab olgan.

    Asosiy maqsad bolalar folklor sanʼatini rivojlantirish, sheʼriy ijodiyot, xalq dostonlari, hunarmandchilik, milliy liboslar va xalq oʻyinlari, urf-odatlarni saqlab qolish hamda ularni keng targʻib etish, milliy anʼanalarni asrab-avaylashdan iborat.