Kelajak ilmlari qanday egallanadi?

    Ilm-fan rivojiga eʼtibor har qanday davlat va millatning bugungi kuni va kelajagini belgilaydigan muhim omildir. Ikki Renessansga beshik boʻlgan yurtimizdan jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkir va allomalar yetishib chiqqan. Endi esa mamlakatimizda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilmoqda. Taʼlim, ilm-fanga eʼtibor qaratish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

    Xususan, oliy taʼlim tizimi toʻliq isloh qilindi, yangi oliy taʼlim dargohlari, shu jumladan, jahondagi nufuzli universitetlarning filiallari ochildi, kirish imtihonlari jarayonlariga oʻzgartish kiritildi. Korrupsiya va poraxoʻrlik keskin kamaydi, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi ekspertlar, profesor-oʻqituvchilar, doktorantlar hamda tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

    Xalqaro eʼtiroflar oliygoh imijini belgilaydi

    2017-yilgacha Jizzax viloyatida atigi ikkita oliy taʼlim muassasasi boʻlgan boʻlsa, bugun ularning soni beshtaga yetdi. Viloyatimizda tashkil etilgan ilk oliygoh Jizzax davlat pedagogika instituti hisoblanadi. 1974-yili Jizzax viloyati tashkil etilgach, shu yili Jizzax davlat pedagogika instituti viloyatdagi birinchi oliygoh sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. 2021-yil Prezidentimiz viloyatimiz saylovchilari bilan uchrashuvda Jizzax davlat pedagogika institutiga universitet maqomini berishni taklif etdi. Ushbu taklif viloyatimiz aholisi tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi va 2022-yili institutga universitet maqomi berildi.

    Universitetning asosiy vazifasi zamonaviy bilim va malakaga ega yetuk pedagog mutaxassislarni tarbiyalashdan iborat. Dastlab oʻzbek tili va adabiyoti hamda matematika fakultetidagi 425 talaba, 29 ustoz bilan oʻz faoliyatini boshlagan oliygohda bugun 33 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 20 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadr tayyorlayotgan 12 ta fakultet bor. Ularda 19 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, 800 dan ziyod professor-oʻqituvchi taʼlim-tarbiya bermoqda.

    2024-yili Jizzax davlat pedagogika universitetida 38 ta PhD, 4 ta DSc dissertatsiyasi himoya qilindi. Ayni paytda doktoranturada 71 tadqiqotchi tahsil olmoqda.

    Oliy taʼlim muassasalari uchun xalqaro reytinglarga kirish ularning xalqaro nufuzi, jozibadorligi, taʼlim sifati hamda xorijiy talaba va professor-oʻqituvchilar soni oshishiga, oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga xalqaro standartlar tezkorlik bilan joriy etilishiga turtki beradigan muhim omil boʻlib, oliygoh imijini koʻtarishga xizmat qiladi. Shu bois, universitetimiz xalqaro reytinglarda munosib oʻrinlarni egallash borasida keng koʻlamli saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Natijada xalqaro reytinglarda oʻrnimiz mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, taʼlim tizimidagi ilmiy ishlardagi iqtiboslarni belgilaydigan xalqaro Gogol School reytingida respublikamiz oliy oʻquv yurtlari orasida universitetimiz eng yuqori oʻrinlarda qayd etiladi. Shuningdek, toʻqqizta xalqaro reytingga aʼzo boʻlganmiz.

    Natija talabalar muvaffaqiyatida koʻzga tashlanmoqda

    Universitet AQSHning Jorjiya universiteti, Buyuk Britaniyaning Norvich tillar instituti va Porsmut universiteti, Fransiyaning INSHEA maxsus taʼlim ehtiyojlariga ixtisoslangan milliy davlat taʼlim va tadqiqot muassasasi, Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti, Qozon federal universiteti kabi dunyodagi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan 60 tasi bilan aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Ularning tajribalarini oʻrganib, hayotga tatbiq etish maqsad qilingan.

    Oʻtgan yili oʻquv jarayonlariga 40 nafar xorijiy professor-oʻqituvchi jalb etildi. Shulardan 22 nafari xalqaro oliy taʼlim muassasalari reytingida nufuzli 1000 talik roʻyxatiga kirgan OTM professor-oʻqituvchilaridir. 2024-yilda universitetda Qirol Sejong koreys tili markazi ochildi. Shuningdek, universitet va AQSH elchixonasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida kasbiy rivojlanish toʻgaragi tashkil etildi.

    Universitetda iqtidorli talabalar bilan ishlash, ustoz-shogird anʼanalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Natijada talabalarimiz orasidan nomdor davlat stipendiyalari sohiblari safi yildan yilga oshmoqda.

    Yoshlarga koʻmaklashuvchi platforma ishga tushdi

    2023-2024 oʻquv yilida talabalarning oʻquv faoliyatini rivojlantirish bilan birga, shaxsiy va professional jihatdan yetuk kadrlarga aylanishi uchun zarur psixologik sifatlarni shakllantirish hamda psixologik holatlarini doimiy ravishda nazorat qilish maqsadida psixologiya.jdpu.uz onlayn platformasi tashkil etilgan edi. Ushbu platformada har bir talaba psixologik testlar va soʻrovnomalarda qatnashish va natijalarini kuzatib borish imkoniyatiga ega.

    Platformada shaxsning psixologik holati, jumladan, xarakter xususiyatlari, muloqotchanlik, yetakchilik salohiyati, bezovtalik darajasini aniqlash, ichki motivatsiyani oʻrganish, depressiya va stress holatlarini baholash kabi koʻplab psixologik testlar va soʻrovnomalar mavjud. U talabalarning psixologik holatini erta bosqichda aniqlash va ularga zarur psixologik yordam koʻrsatish imkonini yaratadi, shu bilan birga, psixologik xizmatlarning samarali va tizimli ravishda taqdim etilishiga katta hissa qoʻshadi.

    Bundan tashqari, talabalarimiz vaqtini mazmunli oʻtkazadigan, hali respublikada qiyosi boʻlmagan yangi konsepsiyani amalga joriy etdik. Konsepsiyani 7/24 deb nomladik. Talabalarimiz 7 kun, 24 soat mobaynida nima bilan shugʻullanishini biz pedagogik jihatdan belgilab berdik. Yaʼni ularning ham oʻquv jarayoniga, ham taʼlim, ham hordiq chiqaradigan vaqtini toʻgʻri rejalashtirishga harakat qildik. Ushbu konsepsiyani amalga oshirishdagi eng muhim nuqtani universitetimizning axborot resurs markazi egallaydi. Konsepsiyamizning asosiy mazmuni ham talabalarimiz kitoblar ichida yashashiga erishish hisoblanadi.

    Biz, asosan, oʻqituvchilar tayyorlaymiz. Ularda boshqalarda kitob oʻqishga mehr uygʻotishi uchun, avvalo, oʻzlarida shu mehr shakllangan boʻlishi kerak. Buning uchun birinchi navbatda, universitet kitob fondini ham taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha, ham badiiy adabiyotlar yoʻnalishida boyitish harakatlarini boshladik. Bu borada mamlakatimizning yetakchi nashriyotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Axborot resurs markazimiz 30 ming adabiyot va 40 mingdan ziyod kitobning elektron versiyalari bilan taʼminlangan. Bundan tashqari, mutolaa zallari, muhokama va kompyuter xonalari, mediastudiyalar, zakovat va kibersport xonasi, maʼlumot almashish imkonini beruvchi videotarmoq, tezkor Wi-Fi tarmogʻi mavjud. Bir vaqtning oʻzida 500 ga yaqin kitobxonga xizmat koʻrsata oladi.

    4+2 dasturi: oliy taʼlim va maktab hamkorligi samara bermoqda

    Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqitish sifatini oshirish orqali jamiyatda inson kapitalini rivojlantirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish uchun poydevor yaratiladi. Ana shunday asosni barpo etish uchun uning meʼmorlari — boʻlajak oʻqituvchilar oʻz fanini mukammal bilishi, yuksak pedagogik mahoratga, yangi metodikalarni ishlab chiqish va undan samarali foydalanish qobiliyatiga ega boʻlishi zarur. Ayni paytda maktab va oliy taʼlim muassasasi hamkorligi oʻz samarasini bermoqda.

    Jizzax shahridagi 30-umumtaʼlim maktabi universitetimizga tayanch maktab qilib berilgan. Oliygoh ushbu maktabda taʼlim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, sifatini oshirish, oʻquvchi yoshlarning oʻz isteʼdodini toʻliq namoyon etishiga har tomonlama koʻmaklashmoqda.

    Maktabda asosiy eʼtibor bitiruvchilarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga koʻmaklashish va kasbga oʻrgatish, quyi sinflarda tahsil olayotgan oʻquvchilarni qiziqishlariga qarab kasb-hunar, sanʼat turlariga yoʻnaltirish, isteʼdodlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan. Dastlab maktabda oʻquvchilarning kasbga moyilligini aniqlash maqsadida turli testlar oʻtkazildi. Ijtimoiy soha, aniq va tabiiy fanlar, sanʼat sohasi, jismoniy sohalar boʻyicha oʻtkazilgan testlar natijalari asosida maktabda turli kasblarga yoʻnaltirilgan toʻgaraklar faoliyat boshladi. Ayni paytda 100 dan ziyod oʻquvchi pazandalik, santexnika va tikuvchilik toʻgaraklariga qamrab olingan. 100 ga yaqin oʻquvchi esa xorijiy tillar (ingliz, nemis va fransuz tillari) toʻgaraklariga qatnamoqda.

    Maktab oʻquvchilarining ota-onalari bu ishlarimizga xayrixohlik bildirib, tadbirlarimizda bevosita qatnashib, maktablar faoliyatini rivojlantirish, muammolarni birgalikda hal etishga tayyorligini bildirmoqda. Shu bilan birga, universitetga Jizzax shahridagi 13 ta umumtaʼlim maktabi biriktirilgan. Bu maktablar har bir fakultetga boʻlib berilgan.

    4+2 dasturi asosida eng iqtidorli talabalarimizni maktablarga amaliyotlarga jalb etganmiz. Birgina 30-umumtaʼlim maktabida bugungi kunda 100 ga yaqin iqtidorli talaba amaliyot oʻtash bilan birga, oʻquvchilarga ilm-fan sirlarini yanada mukammal egallashiga koʻmakchi boʻlmoqda. Bundan tashqari, ushbu dastur asosida 8000 talabalarni viloyatimizdagi maktablarga biriktirganmiz. Yaʼni ular haftada toʻrt kun taʼlim olib, ikki kun maktablarda amaliyot oʻtamoqda.

    Boshqa sohalarda boʻlgani kabi taʼlimda ham korrupsiyaga qarshi kurashmasdan taʼlim sifatni yaxshilash, yuqori natijalarga erishish qiyin masala. Ahamiyatlisi, keyingi yillarda oliy taʼlim tizimida bu borada butunlay yangi tizim shakllandi. Talabalar orasida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga masʼul rektor maslahatchisi, korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini boshqarish boʻlimi, taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi, auditor, oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida psixolog va uchastka nozirlari ishlamoqda.

    Keng miqyosda raqamlashtirish jarayoni kechmoqda. Ammo asosiy masala ongni oʻzgartirishga qaratilishi kerak. Shu sababli talabalarimizga korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida keng tushuncha berib, ularni korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish, halol va vijdonli shaxslarning oʻrnak boʻladigan hayot yoʻllari misolida esa halollik va toʻgʻrilikni kasb etib, xotirjam, betashvish yashashni targʻib qilyapmiz.

    Hozircha barcha talabani yotoqxona bilan taʼminlay olmadik

    Mamlakatimizdagi deyarli barcha oliy oʻquv yurtlarida boʻlgani kabi universitetimizda ham talabalar uchun yotoqxona muammosi mavjud. Yuqorida aytilganidek, oliygohda 19 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ammo oʻquv binolari umumiy quvvati 8128 oʻrinni tashkil qiladi. Oldimizda yangi oʻquv binolari hamda talabalar turar joylarini qurishdek muhim vazifalar turibdi.

    Bu borada dastlabki qadamlarni qoʻydik. Joriy oʻquv yilidan 600 oʻringa moʻljallangan yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. U 7 qavatdan iborat. Zamonaviy loyiha asosida qad rostlagan yotoqxonada talabalarning ovqatlanishi uchun zamonaviy oshxona, darsliklar, badiiy va ilmiy, maʼrifiy adabiyotlar bilan boyitilgan maʼnaviyat xonasi, “Zakovat” xonasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim va malakalarini oshirishi uchun eng zamonaviy turdagi kompyuterlar bilan jihozlangan xona, kir yuvish va yuvinish xonalari mavjud.

    Ayni paytda universitetdagi barcha talabalar turar joylarida 1216 talaba istiqomat qiladi. Bundan tashqari, 3366 talaba ijarada yashaydi. Tyutorlar tomonidan sentyabr-oktyabr oyida ularning uy manzillari oʻrganilib, geolokatsiyalari shakllantirildi. Yaqin yillarda barcha talabalarimizni yotoqxona bilan taʼminlash choralarini koʻryapmiz.

    “Yashil makon”: olimlar “Professorlar bogʻi”ga koʻchat ekdi

    Oʻtgan yili universitetimiz tashkil etilganining 50-yilligini keng nishonladik. “Taʼlimni rivojlantirish strategiyasi: qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot” mavzusida oʻtkazilgan asosiy tadbirimizga xalqaro oliy taʼlim muassasalari reytingida TOP 500 talik roʻyxatga kirgan oliygohlardan 24 nafar nufuzli olim tashrif buyurdi. Shuningdek, ushbu sana munosabati bilan “Universitet sari odimlar” sarlavhasi ostida kitob jamlanmasi nashr etildi. Keng koʻlamli taʼmirlash, bunyodkorlik ishlari bajarildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy harakati bilan uygʻunlikda universitetimizda “Professorlar bogʻi” tashkil etildi. Ushbu maydonda 50-yil davomida universitetimizda mehnat qilib, uning rivojiga, taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan olimlar, professorlar tomonidan koʻchatlar ekildi.

    2024-yil bahor faslida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitetning sirtqi boʻlimi joylashgan Boʻston shaharchasi hududidan bogʻ tashkil qilish uchun qoʻshimcha 4,5 gektar yer ajratildi va 7000 tup mevali va manzarali daraxt koʻchati ekildi. Bu xayrli ishlar oʻtgan yilning kuz mavsumida ham davom etdi.

    “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir oylik yoki bir yillik tadbir emas. Ezgu maqsadlarga yoʻgʻrilgan aksiya doirasida kelgusi yillarda ham faol qatnashib, yurtimizni koʻkalamzorlashtirishga oʻz hissamizni qoʻshmoqchimiz.

    Buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy avlodlarga kelgusi zamon ilmlarini oʻrgatishni tavsiya qiladi, chunki ular biz yashagan davrda emas, oʻzga zamonda yashaydi. Allomaning mazkur hikmati bugun har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyo bizdan zamon bilan hamnafas boʻlishni, farzandlarimizning kelajak kasblarini oʻrganishi uchun sharoit yaratishni taqozo etmoqda.

    Buni toʻgʻri anglagan universitetimiz jamoasi oʻz oldiga faqat oʻqituvchi emas, balki bir necha xorijiy til, zamonaviy bilim va kasb-hunar egasi boʻlgan tajribali mutaxassislarni tayyorlash orqali Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan.


    Shavkat SHARIPOV,

    pedagogika fanlari doktori,

    professor


    Hamkorlik materiali