Respublikaning 94 ta davlat organi va tashkilotlaridan tavsiya etilgan hamda agentlik tomonidan tashkil etilgan telegramm-bot orqali ariza topshirgan 25 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 1 862 nafar davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan oʻrta boʻgʻin boshqaruv mutaxassislari va rahbarlari orasidan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish koʻnikmasiga ega, strategik fikrlovchi, keng qamrovli islohotlar va imkoniyatlarni oldindan koʻra oladigan 50 nafar yoshlar tanlab olindi.
Saralash ishlari davomida shaxsiy maʼlumotnomani baholash tizimi orqali 294 nafar nomzod, davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli yordamida test sinovi orqali 194 nomzod saralab olindi. Agentlik xodimlari tomonidan amalga oshirilgan suhbat-assessment bosqichi yakunlariga koʻra 50 nafar yosh kadrlarning nomzodi dastur tinglovchiligiga qabul qilishga tavsiya etildi.
Shu kunlarda mazkur dasturning navbatdagi mavsumi Davlat boshqaruvi akademiyasda tashkil etilmoqda. Dastur Davlat fuqarolik xizmati huquqiy asoslari va kadrlar siyosati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, global boshqaruv siyosiy-huquqiy va iqtisodiy bilimlar, boshqaruv va liderlik asoslari, zamonaviy boshqaruv texnologiyalari, kompetensiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida noodatiy shakldagi darslar, mahallalardagi amaliyot hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga stajirovka-dublyorlik bilan uygʻunlikda olib borilmoqda.
Bu esa “Kelajak liderlari”ning intensiv tarzda egallagan bilimlarni mustahkamlashga va kelgusi faoliyatida qoʻllashga yordam beradi.
Dastur davomida tinglovchilar professor-oʻqituvchilar va oʻz sohasining yetuk mutaxassislaridan bilim olishlari, sohalari boʻyicha yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni yechimini birgalikda topishlari mumkin. Ahamiyatlisi, tinglovchilar 14 ta hududda, turli xil sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tajriba almashish hamda mavjud muammolar yuzasidan taklif bildirish imkoniyatiga ega.
Oʻquv dasturi bosqichlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan, maqsadli bitiruv loyiha taqdimotini namunali amalga oshirgan tinglovchilarga belgilangan shaklda Diplom beriladi va ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.