“Butunjahon atrof muhit kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya a'zolari, hamkor tashkilot vakillari, 30-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi Sevara Fayzieva olib bordi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatayotgan inson omili, ekologiyani asrash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida fikr yuritdi.
– Bugun insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri ekotizimlarni qayta tiklashdan iborat, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi Sevara Fayziyeva. – Bu keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, unga har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi, kelajak oldidagi mas'ullikni barcha birdek his qilishi lozim. Shaharlarni ozoda saqlash, qirg‘oq bo‘yi hududlarni tozalash, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, ko‘chat ekish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyani tejash kabi vazifalarni aslida har kim osonlik bilan bajaradi. Biroq ayrim hollarda loqaydlik yoki e'tiborsizlik tufayli ko‘p ham bunga ahamiyat qaratmaymiz. Agar jiddiy qarasak, kelajak avlodga mavjud resurslarni osn-omon yetkazishga erishamiz.
Tadbir davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi va “Orient ceramic” MChJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, “Onajonim tabiat” rasmlar tanlovida mehribonlik uyining g‘olib chiqqan tarbiyalanuvchilariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir konsert dasturi bilan yakunlandi.