Mamlakatimizda oliy ta'lim sohasini takomillashtirish, ta'lim sifati va samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar jarayonida Namangan muhandislik-texnologiya instituti ham faol ishtirok etib, erishilayotgan yutuqlarga o'z hissasini qo'shmoqda.

Ayniqsa, dunyoning ko'plab davlatlarida koronavirus pandemiyasi yoyilishi bilan bog'liq favqulodda voqealar institut jamoasi zimmasiga mutlaqo yangi vazifalar yukladi. Karantin davrida ko'plab oliy ta'lim muassasalari qatori Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham masofadan o'qitish yo'lga qo'yildi. Bu qariyb to'rt yarim millionlik talabalar kontingentiga ega oliy ta'lim muassasasi uchun o'ziga xos sinov bo'ldi.

Avvalo, institutimizda masofaviy ta'lim berish ishlarini to'liq yo'lga qo'yish bo'yicha ishchi guruhi tuzilib, onlayn modul o'qitish tizimi  ishga tushirildi. Talabalarga masofaviy ta'lim berishda qulaylik yaratish maqsadida ikkita muqobil variant shakllantirildi.

Birinchisi, telegram ijtimoiy tarmog'ida har bir kafedra kesimida masofaviy ta'limni olib borishga mo'ljallangan ijtimoiy guruhlar tashkil etildi.

Ikinchisi, masofaviy ta'lim platformasiga a'zo bo'lish imkoniyati mavjud bo'lmagan talabalar uchun elektron o'quv resurslarini etkazish va o'rganish jarayoni bo'yicha muloqot tashkil qilindi.

SHuningdek, institut veb sayti va telegram ijtimoiy tarmog'idagi sahifalari orqali institut va oliy ta'lim tizimidagi yangiliklar hamda me'yoriy hujjatlar mazmunini talabalarga etkazish tizimi yo'lga qo'yildi.

Institutning professor-o'qituvchilari tomonidan hozirgi kunga qadar 293 ta fandan 35 ming 700 dan ziyod o'quv resursi Moodle elektron ta'lim tizimiga joylashtirildi.

Amaldagi o'quv jarayoni jadvaliga muvofiq, talabalarning joriy, oraliq va yakuniy nazorat topshiriqlari tizimga joylashtirilgan. Talabalar va professor-o'qituvchilarning tizimdagi ishtiroki, faollik darajasi institut rahbariyati, guruh murabbiylari va fan o'qituvchilari tomonidan qat'iy nazoratga olingan. SHuningdek, professor-o'qituvchilar tomonidan o'qitilayotgan fanlar bo'yicha tegishli mavzulardan videodarslar tayyorlanib, muntazam platformaga joylashtirilmoqda.

Institut rahbariyati tomonidan barcha mas'ullarga shu yil 1 apreldan boshlab, kunlik amalga oshirilgan ishlar bo'yicha axborot berib borish vazifasi yuklatilgan. Bajarilgan ishlar hisoboti va takliflarni o'rganib chiqish maqsadida institut rahbariyati hamda professor-o'qituvchilar ishtirokida belgilangan muddatlarda ZOOM dasturi orqali videokonferentsiyalar uyushtirilmoqda.

Talabalarning barcha turdagi malakaviy amaliyotlarini masofaviy tashkil etish bo'yicha yo'riqnoma ishlab chiqilib, o'quv jarayoniga tatbiq etildi. Unga asosan, barcha turdagi amaliyotlar masofaviy o'tkazilishi belgilandi. Talabalarning amaliyotlar yuzasidan tayyorlagan hisobotini masofaviy qabul qilish tizimi yaratildi.

Ayni paytda bitiruvchi kurs talabalarining ixtisoslik fanlaridan davlat imtihoni va magistrlik dissertatsiyalari himoyasini onlayn o'tkazishga tayyorgarlik ko'rilmoqda.

Masofaviy ta'lim — kelajak ta'limi. SHu bois dunyo ta'lim tizimi o'qitishning shu shakliga bosqichma-bosqich o'tyapti. Namangan muhandislik-texnologiya instituti ham jahon oliy ta'lim tizimiga integratsiyalashayotgan o'quv muassasasi sifatida masofaviy ta'limga tayyorgarlik bosqichida edi. Pandemiya sabab bu jarayon tezlashib, to'laqonli tizim shakllanishiga turtki bo'lmoqda.

Masofaviy ta'lim o'tish ishlari karantin tugagandan so'ng ham davom ettiriladi. SHu bois 2020-2021 o'quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan ishlarni masofaviy shaklda amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi. Unga asosan, magistraturaga qabul jarayonini masofaviy tashkil etishning huquqiy-me'yoriy asoslari yaratilmoqda.

Kelgusi o'quv yilidan boshlab institutda “Savdo ishi”, “Oziq-ovqat sanoati mashina va jihozlari”, “Fizika”, “Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jixozlash va avtomatlashtirish” va “Iqtisodiyot”, “Menejment”, “Buxgalteriya hisobi”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” kabi yo'nalish va mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yiladi.

Masofaviy o'qitishda an'anaviy bosma usuliga asoslangan o'qitish vositalari, videoma'ruzalar bilan birga, interaktiv usullardan ham faol foydalanilmoqda. Audio va videokonferentsiyalar tashkil etilmoqda. Institutimizning professor-o'qituvchilari ham zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanib, masofaviy ta'limni sifatli tashkil etish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini takomillashtirmoqda.

Bu borada o'tkazilayotgan masofaviy konferentsiyalar alohida ahamit kasb etyapti. Jumladan, Jahon bankining “Oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida “To'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani onlayn o'tkazildi. Anjumanda respublikamiz oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muasasalaridan oltmishdan ziyod yosh olimlar, magistrantlar va sohaning etuk olimlari qatnashdi.

SHuningdek, Malayziyaning Sayberjaya universiteti bilan Zoom dasturi orqali institutimizdagi ta'lim jarayonlari va yo'nalishlari haqida onlayn proforientatsiya qilindi. Unga ko'ra, universitetning “Kimyo texnologiya”, “Muhandislik grafikasi”, “Axborot texnologiyalari” yo'nalishlarida fakul`tetlar kesimida hamkorlik rejalari kelishib olindi.

Pokiston Islom Respublikasining engil sanoat va to'qimachilik universitetlari bilan xalqaro hamkorlik hamda xorijiy talabalarni jalb qilish bo'yicha yozishmalar olib borilmoqda. Unda “Informatika”, “energetika” va “Dizayn” sohalari bo'yicha 2020-2021 o'quv yiliga 5 nafar xorijiy talabani institut o'quv hayotiga jalb etish va innovatsion markazlar faoliyati bo'yicha hamkorlikni amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Institutning xalqaro reytinglarga kirishini ta'minlash bo'yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, institutda “Proofreading service” xizmatini kengaytirish, Scopus va Web of Science jurnallarida maqolalar chop etish bo'yicha mahorat darslari tashkil etish, institutga xorijlik talabalarni jalb qilish, KOICA, JICA, ITEC, ERASMUS+, UniCEN, Fullbright xalqaro dasturlari bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rish, loyihalar taqdim etish, volontyorlarni taklif qilishdan iborat.

Institutimiz professor-o'qituvchilari va ilmiy xodimlariga ilmiy tadqiqot olib borish hamda maqolalarini xorijiy ilmiy jurnallarda chop etishga ko'maklashish maqsadida har bir fakul`tetga mas'ullar biriktirilib, ular “Scopus” yoki “Web of Science” bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallarga maqolalar tayyorlash hamda ularni chop ettirishga ko'maklashmoqda.

Institut professor-o'qituvchilari hamda ilmiy xodimlariga xalqaro “Scopus” yoki “Web of Science” bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallarda maqolalarni chop etishga ko'maklashish maqsadida fakul`tetlarga biriktirilgan mas'ullar tomonidan Zoom dasturi orqali har bir kafedralar kesimida onlayn seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

Butun dunyo xalqlari boshiga tushgan ushbu sinovli damlarni birdamlik bilan engib o'tamiz. Biroq eng qimmatli bo'lgan vaqtning behuda sarflanishining oldini olib, karantindagi har bir daqiqani g'animat bilib, undan unumli foydalanishimiz lozim.

Odiljon MAMATKARIMOV,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

fizika-matematika fanlari doktori, professor