Kelajakka ishonch bizni yanada faollikka undaydi

    Biz, yoshlarni yurtning kelajagi, bugungi va ertangi kunning hal qiluvchi kuchi sifatida talqin etishadi

    Hozirda mamlakatimiz aholisining 60 foizini barkamol avlod egalari — safdoshlarimiz tashkil etishini hisobga olsak, yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti koʻp jihatdan biz kabi navqiron oʻgʻil-qizlarga bogʻliq ekanini yana-da teranroq tasavvur etamiz.

    Hozir qaysi tengdosh bilan gaplashmang, qaysi davraga bormang mamlakatimizda birinchi bor tashkil etilgan Oʻzbekiston yoshlari forumi haqida soʻz boryapti. Kechagi kun, ayniqsa, yoshlar hayotida tarixiy voqea sifatida muhrlandi. Ayniqsa, anjumanda davlatimiz rahbarining ishtirok etishi va nutq soʻzlashi, bizlarga bildirgan ishonchi, mamlakatimizda barkamol avlodni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi haqidagi fikrlari kuchimizga kuch qoʻshdi. Albatta, xalqimiz oldidagi masʼuliyat tuygʻusi bizni yana-da faolroq boʻlishga undaydi.

    Xalq deputatlari Kogon tumani Kengashi deputatiman. Yoshim 23 da. Yosh deputatlar qatorida mazkur forumga ishtirok etganimdan yuragimda hayajon tuygan boʻlsam, Prezidentimiz nutqlarini yuzma-yuz tinglab turib zimmamdagi masʼuliyat hissini oʻn karra qalbimga jo etdim. Davlatimiz rahbari nutqi avvalida “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, deya taʼkidlab oʻtdi. Bu ishonch mamlakatimizdagi barcha yigit-qizlarni katta maqsadlar sari ruhlantirdi. Albatta, Oʻzbekiston yoshlari bilim, kuch va salohiyat jihatidan hech kimdan kam emas.

    Uchrashuvda Prezidentimiz ikki va undan ortiq farzandi oliy oʻquv yurtida shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berish va kredit toʻlovini diplomni olgandan soʻng ishga joylashib kredit mablagʻini qaytarish tartibi yoʻlga qoʻyilishini aytib oʻtdilar. Bu yoshlarimizga oliy taʼlimda oʻqish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi.

    Hammamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz, soʻnggi yillarda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor tubdan oʻzgardi. Oʻqish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bugun yoshlarimizga taʼlim olish, oliy oʻquv yurtlarining bir emas, bir nechtasiga hujjat topshirib, iqtidoriga qarab, oliy oʻquv yurtlarida oʻqish imkoniyati berildi.

    Prezidentimiz nutqlarida qayd etilgan “Yoshlar” kanalida vazirlar, hokimlar va mansabdor shaxslar hamda yoshlar ishtirokida ochiq muloqot, tok-shoular oʻtkazish, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur oʻrgatadigan zamonaviy oʻquv markazlari tashkil qilish, yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish, yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshni kompyuter dasturlash asoslariga bepul oʻqitish kabilar esa bizga taqdim etilayotgan navbatdagi imkoniyatlardir.

    Shuningdek, davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha mavjud tajriba asosida, hududlarda yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini eʼlon qildilar. Bu sanoat zonalarida oʻsib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtiriladi, deya taʼkidlandi. Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamgʻarma tashkil etilishi va unga 100 million dollar mablagʻ ajratilishi, jamgʻarma tomonidan yoshlarning loyihalarini roʻyobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda kreditlar taqdim etilishi, bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida berilishi haqidagi soʻzlar yosh tadbirkorlarimizning yangi rejalariga qanot bagʻishladi.

    Forumda keyingi yildan boshlab oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etilishi, joriy Prezident stipendiyasi faqat bir oʻquv yili uchun moʻljallangan boʻlsa, ushbu grant mablagʻlari toʻrt yil davomida toʻlab borilishi ham iqtidorli, bilimga chanqoq yoshlarimizga berilgan yana bir imkoniyatdir.

    Bir soʻz bilan aytganda, Yoshlar forumi biz, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, yorugʻ kelajakka ishonch hissini yana-da kuchaytirib, men kabi yigit-qizlarni ezgu maqsad yoʻlida birlashtirdi. Katta taassurotlar ogʻushida yangi marralarga intilaveramiz. Biz oʻz bilim va salohiyatimizni ona-Vatanimiz, xalqimiz istiqboli yoʻlida sarflashga tayyormiz.

    Nozigul Joʻrayeva,
    Kogon tumanidagi “Oqqosh Boʻron” fermer xoʻjaligi rahbari