“Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda fermerlar va dehqonlar bilan uchrashib, boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan tanishib, juda mamnun boʻldim. Ulardagi shijoatni koʻrib, keyingi yil paxtada 4,5 million, gʻallada 10 million tonnalik xirmonni bemalol uddalash mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim”, – dedi davlatimiz rahbari.
Yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema boʻyicha paxta yetishtirishni kelgusi yilda ommalashtirib, 891 ming gektarda toʻliq shu sxema boʻyicha paxta yetishtiriladi. Koʻsak qurti, gerbitsid, shoʻr va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra koʻpaytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.
“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sugʻorish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratiladi. Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard soʻm beriladi.
Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya ajratiladi.









