Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Germaniyaning “Aconnecta” kompaniyasi bosh direktorlari Anastasiya Kol va Aleksey Sverdlov bilan uchrashdi.
Unda Oʻzbekiston fuqarolarining tashkiliy tarzda Germaniyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish sohasida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida vazirlik va mazkur tashkilot oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan “Aconnecta” kompaniyasi oʻrtasida Bitim imzolandi.
Endilikda germaniyalik hamkorlar bilan Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniyaga joʻnab ketish oldidan kasb-hunarga oʻqitish hamda tayyorlash boʻyicha loyiha ishga tushiriladi.
Loyiha doirasida mamlakatimizdagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida Germaniya standartlari asosida hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Kelgusi yilda 400 nafar hamshiralarni Germaniya klinikalarida ishlash uchun yuborish rejalashtirilmoqda.
Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarni Germaniyada munosib ish va yashash sharoiti bilan taʼminlash hamda ularni ijtimoiy-huquqiy himoyalash boʻyicha ikki tomonlama choralar koʻriladi.