Prezidentimizning elektr ta'minoti tizimini to'la isloh qilish, yangidan quyosh, shamol hamda issiqlik elektr stansiyalari bunyod etish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatda amaldagi yilda yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlangandi. Yangiariq tumanida Turkiyaning “ODAS ENERJIA S” kompaniyasi tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etilayotgan issiqlik elektr stansiyasi 174 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'ladi. Hozirda qurilishi jadal davom qilayotgan elektr stansiyasi uchun 105 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Kelasi yili viloyatning eng uzoq hududi — Tuproqal'a tumanining Sarimoy qishlog'i hududida davlat-xususiy sheriklik asosida quvvati 100 MVtga teng bo'lgan quyosh fotoelektrik stansiyasi barpo etiladi. Bu loyihaning qiymati 100 million dollarga teng. Qizilqum bag'rida ushbu quyosh elektr stansiyasi qurilishiga sabab Tuproqqal'a tumani hududida joylashgan “Hazorasp” erkin-iqtisodiy zonasida sanoat korxonalari soni yil sayin oshib borayotgani va ularning uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash bilan bog'liq.
Kelasi yili mazkur elektr stansiyalar ish boshlaydi va 283 ta mahalla, mingdan ziyod korxonalarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashga yetarli darajada elektr energisi ishlab chiqariladi. Bu ikki stansiya viloyatning elektr energiyasiga bo'lgan talabining deyarli yarmini qoplaydi.
Ro'zimboy Hasan,
"Yangi O'zbekiston" muxbiri