Kelesda eksportbop kungaboqar yogʻi tayyorlanmoqda

    Mamlakatimizda 20 Iyul 2020 2191

    Yaqinda Toshkent tumanidagi «Oxunboboyev agro» agrofirmasi hududida “SUN FLOWER SEEDS” korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu yerda kungaboqar urugʻidan yogʻ va omixta yem ishlab chiqariladi.

    Loyihaning umumiy hajmi 10 mlrd 149 mln soʻmni tashkil etadi. Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilgan korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida jahon andozalari talablariga javob beradigan sifatli mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

    Loyihaga koʻra, mahsulotlar asosan ichki bozorga yetkazib berilyapti. Yiliga 10 ming tonna yogʻ ishlab chiqarish rejalashtirilgan, 40 ta ish oʻrni yaratildi. Muhim jihati shundaki, korxonada xomashyoning chiqitga chiqarilmasligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Kungaboqar urugʻi yuqori texnologiyalar yordamida qayta ishlanib, undan texnik yogʻ, parranda va chorva mollari uchun omixta yem ham olinyapti.

    Joriy yilning birinchi yarmida Toshkent tumanida 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgandi. Ammo ularning soni 4 taga koʻpayib, umumiy qiymati 133,9 mlrd. soʻm qiymatidagi 11 ta loyihalar turmushga tatbiq etildi. Natijada 200 ta ish oʻrni yaratildi.

    Loyihalarga koʻra, bugungi kunda korxonalar turli sohalarda faoliyat koʻrsatyapti. Masalan, agrar sohadagi “Mavr” masʼuliyati cheklangan jamiyati qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash, “Izzat” fermer xoʻjaligi chorvachilikni kengaytirish, ”Davr savdo" korxonasi zamonaviy issiqxona tashkil etishga moʻljallangan boʻlib, mazkur yoʻnalishda 32 ta ish oʻrni tashkil etildi.

    “Yangi imkoniyatlar davri” korxonasi logistika va mehmonxona, “Nabiyev Abduaziz” savdo xizmatlari, “Yoʻlchiyev Dilmurod” korxonasi avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatishga ixtisoslashib, xizmat koʻrsatish sohasidagi ushbu loyihalar boʻyicha 69 ta ish ish oʻrni yaratildi.

    Shuningdek, “Keles” korxonasi ichimliklar ishlab chiqarish, “Keles baraka chevarlari” korxonasi tikuvchilik, “Mehnat agrofirmasi” korxonasi alyuminiy idishlarda ichimlik ishlab chiqarish sohasida faoliyat olib bormoqda. Sanoat sohasidagi mazkur korxonalarda 115 ta ish oʻrni yaratildi.

    Umuman keyingi paytda tumanda istiqbolli korxonalarning bunyod etilishi yangilanish va taraqqiyot omili boʻlib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu hududda ish oʻrinlari yaratish uchun zamin yaratish imkonini ham beryapti. Bundan tashqari, bunday tadbirlar tadbirkor va investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam hisoblanadi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, viloyat hokimi oʻrinbosari, Investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi rahbari Jamshid Abdusalomov hamda mutaxassislar karantin boʻlishiga qaramasdan, investitsion holatni doimo monitoring qilib borishmoqda. Har bir tuman va shahardagi ishlar oʻrganilib, muammolar va ularning yechimi yuzasidan tadbirkor hamda investorlarga zarur koʻmak va maslahatlar berish yoʻlga qoʻyilgan.