Kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz — Prezident

    Hukumat 25 Sentabr 2024 351

    Prezident Shavkat Mirziyoyev: «Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub oʻzgarishlar jadal amalga oshirilmoqda.

    Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy eʼtibor qaratyapmiz.

    Oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar koʻpayib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qoʻyganmiz».

    Toʻrt yil ichida mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani taʼkidlandi. Joriy yil bu koʻrsatkichni 9 foizgacha, 2030-yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan.

    «Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish oʻrinlarini va daromad manbalarini koʻpaytirishdek ustuvor vazifa mujassam.

    Shu bilan birga, aholining sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng ogʻir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “koʻp oʻlchovli” kambagʻallikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.

    Shu bois ilgʻor xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi boʻgʻin – mahalla darajasiga tushgan holda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “Oʻzbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha oʻzining noyob retseptiga ega”, deb taʼkidlagani ham bejiz emas», — dedi Shavkat Mirziyoyev.