Darhaqiqat, keyingi uch kun mobaynida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari, keng jamoatchilik bilan mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyoti haqida atroflicha fikr almashildi.
Muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni, mohiyatiga ko‘ra, Oliy Majlis va xalqimizga davlatimiz rahbarining navbatdagi Murojaatnomasi deyish mumkin.
– Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi, undan oldingi sanada esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir. – Bugun ham tarixiy anjumanning guvohi bo‘ldik. Davlatimiz rahbarining bu uchrashuvlardagi nutqlarini tinglab, biz, senatorlar ham zimmamizdagi mas’uliyat nechog‘lik muhim ekanini yanada teranroq his qilyapmiz. Bu so‘zlar har bir xalq vakilini Vatanga muhabbatni namoyon qilish, bor ne’matlarni e’zozlay bilish, uni kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish yo‘lida faol harakat qilishga undaydi.
Prezidentimiz 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu tashabbusni barcha mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi. Tabiat so‘ziga hamisha ona so‘zini qo‘shib aytamiz. Xalqimiz atrofda, borliqda mavjud narsalarni asrashga intiladi. Yilga bunday nom berilgani ana shu qadriyatlarimizga mos bo‘ldi. El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha o‘rganib bu qarorga kelindi, deb o‘ylayman.
Endi tabiatni asrashga qaratilgan ishlar, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasidagi harakatlarimiz yangi bosqichga ko‘tariladi. Bu borada barchamiz bir yoqadan bosh chiqarishimiz, islohotlarga kamarbasta bo‘lishimiz kerak.