Kelgusi yilda Qoraqalpogʻistonda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish reja qilingan. Xususan, 24 ta maktab, 5 ta bogʻcha, 7 ta tibbiyot muassasasi quriladi va taʼmirlanadi.

Sanoat zonalari va yirik ishlab chiqarish obyektlariga infratuzilma olib borishga 353 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Qoraqalpogʻistonning imkoniyatlarini toʻliq ishga solish maqsadida hududni rivojlantirish boʻyicha berilgan topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Prezidentning Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov zimmasiga yuklatildi.