Bosh vaziri oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor UMURZOQOV yuz.uz sayti muxbiriga kelgusida yurtimizda farmatsevtiga sohasida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha quyidagilarni soʻzlab berdi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni videoaloqa orqali neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari boʻyicha hisobotlar bilan tanishdi. Yigʻilishda elektrotexnika va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha alohida topshiriq berildi. Xususan, elektrotexnika sanoatining alohida yoʻnalishi sifatida elektronikani rivojlantirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi. Topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida tegishli qaror loyihasini tayyorlashga kirishdik. Bu borada zarur huquqiy-tashkiliy sharoitlar yaratilib, aynan shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan bir nechta erkin iqtisodiy hududlar tashkil etiladi. 2025-yilga borib tarmoqda eksport hajmini keskin oshirish koʻzda tutilmoqda.

Mazkur natijalarga erishishda bir qator muammolarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Xususan, sohada taʼlim, fan, amaliyot, ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biridir.

Farmatsevtika sohasining holatini ham bugungi kun talabi darajasida deb boʻlmaydi. Hozirgi kunda mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan dori-darmon ehtiyojimizni 21 foiz qoplayapti, xolos. 79 foiz dori-darmon chetdan import qilinadi. Bu sohadayam taʼlim, ishlab chiqarish, ilm-fan tizimini uygʻunlashtirib, yangi yondashuv asosida keskin oʻsishni taʼminlash vazifasi oʻz yechimini kutmoqda.

Yigʻilishda bu muammolarning oqilona yechimini topish, chet ellik investorlar, dunyoga mashhur farmatsevtika brendlarini yurtimiz farmatsevtika sanoatiga jalb etish uchun ofset shartnomalardan foydalanish topshirigʻi berildi. Yaʼni, kamida 10 yilga ularning mahsulotlarini sotib olish boʻyicha shartnoma tuziladi. Buning evaziga ularga dori-darmonlarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishga koʻmaklashish taklif etiladi. Shu taxlit dunyodagi eng mashhur brendlarning mahsulotlarini oʻzimizda ishlab chiqarishga erishiladi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston iqtisodiyotida farmatsevika, elektrotexnika va elektronika, neft-gaz kimyosi, paxtani qayta ishlash, toʻqimachilik va shunga oʻxshagan drayver, yaʼni oʻsish nuqtasi vazifasini bajaradigan tarmoqlarni mutlaqo yangi tamoyil asosida rivojlantirish boʻyicha tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi. Ularni amalga oshirish uchun barcha soha va tarmoqlarning salohiyati yetarli. Barchamiz bahamjihat boʻlib, uyushqoqlik bilan harakat qilsak, albatta, koʻzlangan natijalarga erishamiz.