Murojaat muallifi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarorida belgilangan toʻylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani “30 kishilik” deb oʻzgartirish taklif qilgan.
Uning fikricha, “yashil” hududlarda belgilangan 30 kishilik toʻy tartibi koʻpchilikka yoqqan hamda bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlamoqda.
“Toʻy taraddudida yurganlarning koʻpchiligi shu kunlarda tezroq toʻyini oʻtkazishga shoshilayotgani sir emas. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yoʻq. Toʻylarni ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz oʻtkazishni hamma xohlaydi. Ammo, biror qonun yoki qaror bilan tasdiqlanmasa, 200 kishiga toʻy qilinaveradi. 200 kishilik toʻylarga ketadigan sarf-xarajat 500-600 kishilik toʻylarnikiga teng boʻlib qoladi. Toʻy qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni kuyov bola yoki uning otasining xorijga ketayotganlik holatlari ham kam emas. Hatto, buning ortidan jiddiy kasalliklar orttirib olinayotgan holatlar ham mavjud.
Abdulla Avloniyning yuz yil oldin yozib qoldirgan “Oʻzbek xalqini toʻy balosidan qutqaring” degan soʻzlari bugungi kunimiz uchun ham ayni haqiqatdir. Toʻy qilish, buni koʻpchilikka maʼlum qilish yaxshi, lekin bu oilaning kelajagiga yomon taʼsir oʻtkazadi. Shu toʻyga atalgan pullarga yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga, oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga, taʼlim olishiga sharoit yaratib bersak, qanchalik baxtiyor oilani tuzgan boʻlamiz. Qanchadan-qancha oilalar iqtisodiy ahvoli tufayli hozir toʻy qila olmayapti. Menimcha, 30 kishilik toʻyni doimiy qilish vaqti keldi”, deyiladi petitsiyada.