Kelgusida Oʻzbekistonda ham Disneyland ochilishi mumkin

    Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning The Walt Disney Company kompaniyasi vitse-prezidenti, “Emmi” mukofotining 7 karra sovrindori Hayma Vashington bilan uchrashuvida ushbu masala muhokama qilindi.

    «Maqsadimiz — Oʻzbekiston poytaxtini bolalar uchun kontent ishlab chiqarish boʻyicha mintaqaviy xabga aylantirish. Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda animator, rejissyor va ssenariynavislarning yangi avlodini tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz. Janob Vashington yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirib, tashabbuslarimizni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidladi.

    Strategiyamiz doirasida bolalar uchun moʻljallangan, toʻlaqonli oʻzbek tilidagi kontentga ega telekanalni ishga tushirish, shuningdek, kompaniyaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini Oʻzbekistonda ochishdan manfaatdor ekanimizni bildirdim.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston amalga oshirmoqchi boʻlgan ustuvor loyihalar qatorida xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozli shart-sharoitlarga ega “Cinema Park” kreativ parkini barpo etish, shuningdek, uzoq istiqbolda bizning orzumiz — mintaqada turizmning yangi drayveriga aylanishi mumkin boʻlgan “Disneylend” tematik bogʻini qurish gʻoyasini amalga oshirish ham bor. Biz bu mavzuda barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokaralar olib borish uchun ochiqmiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.