Tadbirda Kemerovo viloyati davlat va jamoat tashkilotlari, yozuvchilar uyushmasi, kutubxona va muzey rahbariyati, shuningdek, yozuvchi va shoirlar, jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va oʻzbekistonlik talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Yigʻilgan eʼtiboriga Bosh konsulxona hamda Kemerovo viloyati ilmiy kutubxonasi hamkorligida tayyorlangan shoir Usmon Nosir hayoti va ijodi, uning kelajak uchun qoldirib ketgan asarlarining mazmun-mohiyati toʻgʻrisidagi taqdimot havola etildi.

Usmon Nosir ijodini aks ettiruvchi koʻrgazma namoyish etildi. Shoirning “Oq sheʼr”, “Mening bogʻim”, “Yurak” va boshqa sheʼrlari oʻqilib, uning ezgu insoniy fazilatlari, Vatanga muhabbat va sadoqat, kelajakka yuksak ishonch tuygʻusi bilan yaratilgan badiiy asarlari ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizda milliy tariximiz hamda oʻzbek xalqi orasidan dunyoga mashhur boʻlgan buyuk ajdodlarimizni xotiralarini abadiylashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Mazkur ishlarning yorqin misoli sifatida Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida qabul qilingan hujjatlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida fikr yuritildi.

Kuzbas davlat ilmiy kutubxonasi direktori Vera Nikulina Usmon Nosir tomonidan yozilgan sheʼrlar va ularning tarjimalari Kemerovo viloyati kutubxonalarida saqlanib kelinayotgani va ular kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinishini taʼkidladi.

Kuzbas Yozuvchilar uyushmasi raisi Boris Burmistrov Usmon Nosir asarlarini rus tiliga tarjima qilish hamda yaxlit kitob yaratishda ishtirok etganini aytib, shoirning betakror isteʼdodi, yuksak matonati va xalqparvarligiga alohida eʼtibor qaratdi hamda oʻzbek shoiri sheʼrlaridan oʻqib berdi.

Kemerovo davlat texnika universiteti talabalari adabiy tadbir ularda katta taassurot qoldirgani va taniqli oʻzbek shoiri ijod namunalaridan bahramand boʻlish uchun qulay imkoniyat boʻlganini qayd etdi.