Keng ufqlar, baland orzular, yuksak marralar sari

    Fikr 1 Avgust 2025 496

    Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir, deydi ulugʻ shoir Choʻlpon. Ha, xalq buyuk kuch. Xalq baʼzan yoʻl boshida turib, yon-atrofni kuzatib, oʻziga yetakchi tanlaydi – yurtni harakatga keltira oladigan, yuragida jasorat, koʻzida nur, yurishida ishonch bor shaxsga ergashadi.

    Oʻzbekiston uchun bunday palla 2016-yilda boshlandi. Xalq oʻz tanlovini qildi — Shavkat Mirziyoyev mamlakatni boshqarishga kirishdi. Shundan buyon oradan oʻtgan yillar raqamlarda emas, yurakda oʻlchanadigan yillar. Bu yillar sakrayotgan qoplonga oʻxshaydi: u orqaga emas, faqat oldinga, oʻz qudrati bilan sakraydi, yuksaladi, gʻoyaviy va iqtisodiy poydevorni mustahkamlaydi.

    Bugun ortga nazar solar ekanmiz, faqat oʻzgarishlarni emas, balki yangilanishni, taraqqiyotni, hayotga boʻlgan yondashuvdagi tub burilishni koʻramiz. Shunday islohotlar boʻldiki, ular faqat tizimni emas, tafakkurni ham oʻzgartirdi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston jamiyatida ulkan yuksalishlar yuz bermoqda. Bugungi kundagi yurtimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayoti sakkiz yil avvalgi holat bilan solishtirilsa, tubdan farq borligi ayon boʻladi. Xalqning davlatga, jamiyatga, ertangi kunga munosabati butunlay yangicha mazmun kasb etmoqda. Buning zamirida “Inson qadri uchun” gʻoyasi turibdi.

    Keng koʻlamli islohotlar markazida aynan inson, uning shaʼni, gʻururi va erkin yashash huquqi turadi. Prezidentimiz bu borada konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida bunday degandi: “Insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qoʻydi. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda. Ertangi kunini oʻylagan xalqlar va davlatlar oʻz kelajagi haqida bugun har qachongidan ham jiddiy bosh qotirmoqda. Shu oʻrinda tabiiy savollar tugʻiladi. Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning oʻrni va qadri qanday? Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va maʼnaviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻladi?”.

    Bu savolga amaliy javob sifatida Oʻzbekiston Konstitutsiyasini yangilash, uning mazmuniga “inson – jamiyat – davlat” yondashuvini singdirish boʻyicha keng qamrovli ishlar qilindi. Bosh qonunimizda inson huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmati ustuvor boʻlishi belgilandi. Prezident bu borada bunday fikr bildirgan: “Biz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati – hamma narsadan ustundir”.

    Ayni shu tamoyil asosida islohotlar amalga oshirilib, barcha sohalarda inson manfaatlari ustuvorlik kasb etmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar nafaqat qonunchilik jihatidan, balki mazmunan ham xalqning ertangi hayotini yaxshilashga qaratilgan.

    Yangi Oʻzbekistondagi har bir yangilik, avvalo, inson hayotiga qulaylik yaratish, adolatli muhit barpo etish, xalqni davlatning asosiy boyligi va kuchi sifatida eʼtirof etishdir.

    Davlatimiz rahbari yana bir oʻta dolzarb masalaga toʻxtalgan holda bunday deydi: “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat boʻlishi lozim”.

    Bugun inson qadrini ulugʻlash, munosib turmush uchun imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, sud-huquq tizimi – barchasi inson manfaatlari yoʻlida isloh qilinmoqda. Buni xalq oʻz hayotida tobora koʻproq sezmoqda.

    Yangi Oʻzbekiston inson qadrini hamisha ustun qoʻyadigan, xalq manfaati uchun harakat qiladigan davlatdir. Bu yoʻl yurtimizni kelajakda yanada erkin, taraqqiy topgan va adolatli jamiyat sari yetaklamoqda.

    Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv konsepsiyasi oddiy, lekin ulugʻvor: inson qadri hamma narsadan ustun. Yillar davomida yakkahokimlik ostida ezilgan paxtakor endi mehnatining evaziga rohat koʻradi. Majburiy mehnat tarixga aylandi. Dehqon yerga egalik qiladi, fermer hosilini oʻzi sotadi, xalqaro tashkilotlar bu oʻzgarishni tan oldi.

    Bu shunchaki qogʻozdagi islohot emas, balki inson shaʼnining tiklanishidir. Paxta bugun kiyimga aylanib eksportga chiqmoqda, fermerlar hayotidan mamnun, bolalar dalada emas, maktabda.

    Oliy taʼlim tizimidagi islohotlar, professor-oʻqituvchilar, ilmiy salohiyatli mutaxassislarning jamiyatdagi mavqei oshirildi.

    Mamlakatimizda taʼlim va tarbiya sohasining ustuvor yoʻnalishga aylantirilgani, oliy taʼlim muassasalari soni va sifat koʻrsatkichlari ortib borayotgani, stipendiyalar va maoshlar oshirilishi natijasida oʻqituvchi “ilm va maʼrifat maskani”ga qaytdi.

    Bunga parallel ravishda ilmiy tadqiqotlarga ajratilayotgan mablagʻ hajmi oshdi, yosh olimlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Ilmiy grantlar, xorijiy taʼlim dasturlari, xalqaro reytinglar bilan ishlash – bularning bari yangi Oʻzbekistonning ilm-fan rivojiga bergan eʼtiboridir.

    Oliy taʼlimda ochiqlik, raqobat va yangilanish davri boshlandi. Universitetlar integratsiyalashdi, yangi fakultetlar ochildi, xorijiy diplomlar tan olina boshlandi, stipendiyalar oshdi, yosh olimlarga imkoniyatlar eshigi ochildi. Ilm davlat siyosatining ustunlaridan biriga aylandi. Fargʻona davlat universitetida bugun nafaqat taʼlim, balki ilm-fan, innovatsiya, xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

    Raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda taʼlim tizimi raqamlashtirilishi zamonaviy taraqqiyotning muhim asosi boʻlib xizmat qilmoqda. Joriy etilgan “Elektron universitet” tizimlari, “ilm-fan – ishlab chiqarish – innovatsiya” uchligi orqali amalga oshirilayotgan raqamli loyihalar taʼlim sifatini yuksaltirmoqda.

    “Elektron universitet”, masofaviy taʼlim, sunʼiy intellekt asosida baholash biz uchun oʻzgarmas voqelikka aylandi. Raqamli transformatsiya taʼlimni tez, aniq va shaffof qildi.

    Korrupsiya — jamiyatni ichdan yemiruvchi virus. Bu illatga qarshi kurash davlat siyosatining asosiy frontiga aylandi. Har bir universitetda “Korrupsiyasiz soha” tamoyili asosida ishlanmoqda. Imtihonlar, attestatsiyalar, mablagʻ ajratish jarayonlari shaffoflashtirildi. Fargʻona davlat universitetida ham “Korrupsiyani ildizigacha yoʻqotamiz” shiori ostida bu borada doimiy monitoring asosida ish olib borilmoqda.

    Bugun orqaga qarab, soʻnggi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlarni koʻrib, koʻz oldimizda qanday katta sakrash, qanday ulkan harakat, qanday mardona bosqichlar turganini his qilamiz.

    Endi esa oldimizda yangi ufqlar, yangi orzular, yangi maqsadlar turibdi. Yangi Oʻzbekistonning ertasi maʼrifatli, kuchli, barqaror taraqqiyotga yoʻnaltirilgan boʻlishiga ishonamiz.

    Bahodir ShERMUHAMMEDOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor