Toshkent shahar Kengashi deputatlari bilan Chexiya delegatsiyasi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Iyun 2021 793

    16-iyunda Toshkent shahar hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining bir guruh deputatlari bilan Chexiya Respublikasi delegatsiyasi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Mehmonlarni Kengash kotibiyatining rahbari Abdumavlon Kasimov kutib oldi. Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiya rahbari Eldor Tulyakov esa mehmonlarni xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari ishi bilan tanishtirdi.

    Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar Palatasi raisining oʻrinbosari Tomash Ganzel oʻzining javob soʻzida iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi va tashrif maqsadi haqida soʻzlab berdi. Chexiya Respublikasi oʻz yurtdoshlari xotirasini qadrlaydi, shuning uchun, xususan, Chexiya Respublikasi mudofaa vazirligi huzuridagi Veteranlar bilan ishlash departamenti jahon urushlarida ishtirok etgan Chexiya zobitlari dafn etilgan joylar haqida maʼlumot izlab, ularning ismini aniqlashni, qabrlarini obod qilishni va xotira toshlarini oʻrnatishni maqsad qilgan. Delegatsiya Chirchiq va Samarqanddagi qabrlarni borib koʻrdi, keyinchalik chexlar dafn qilingan joylarga hurmatini bildirish uchun Qoʻqon va Fargʻonaga yoʻl oladi.

    Shuningdek, mehmonlar Ikkinchi jahon urushi davrida Chexiyada halok boʻlgan oʻzbekistonliklar dafn qilingan joylar haqida maʼlumot berdilar.

    Shahar Kengashining deputatlari Oʻzbekistonda ham halok boʻlganlar xotirasiga doimo munosib darajada hurmat koʻrsatilishini taʼkidlab, dafn joylarini hamda halok boʻlgan harbiylarning nomini aniqlash borasida yordam berish uchun barcha zarur choralar koʻrilishini maʼlum qildilar.

    Taraflar Oʻzbekiston hududida chexlarning dafn qilingan joylarini aniqlash va obodonlashtirish borasida hamkorlikka kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.