Keniyada norozilik namoyishlari chog'ida kamida 39 kishi halok bo'ldi

    Keniyada hukumatga qarshi namoyishlar chog'ida kamida 39 kishi halok bo'ldi, 350 dan ortiq kishi jarohatlandi.

    “Bizning ma'lumotlarimizga ko'ra, mamlakat bo'ylab namoyishlar chog'ida 39 kishi halok bo'ldi va 361 kishi jarohatlan”, deyiladi Keniya milliy inson huquqlari komissiyasi bayonotida. Unga ko'ra, butun mamlakat bo'ylab o'tkazilgan namoyishlarda 32 kishi bedarak yo'qoldi, 627 kishi hibsga olindi.

    Avvalroq Keniya prezidenti Uilyam Ruto namoyishlar chog'ida 19 kishi halok bo'lgani haqida xabar bergan edi. Biroq, bundan oldin Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti 31 kishining o'limi haqidagi ma'lumotlarni keltirdi.

    18-iyun kuni Nayrobida soliqlarning oshirilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi, biroq 25-iyun kuni vaziyat keskinlashdi. ertalabdan odamlar shaharning biznes markaziga kelib, prezidentning iste'fosini talab qilishdi. Poytaxtning ushbu hududida ma'muriy idoralar, jumladan, parlament binosi joylashgan bo'lib, namoyishchilar bu binoga bostirib kirishdi. Keniya matbuoti xabarlariga ko'ra, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko'zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o'qlardan, ayrim ma'lumotlarga ko'ra, haqiqiy o'qlardan foydalandi.

    26-iyun kuni Keniya prezidenti Uilyam Ruto bahsli qonun loyihasini qaytarib oldi, ammo namoyishchilar hukumat iste'fosini talab qilib ko'chalarga chiqishda davom etdi. Navbatdagi norozilik namoyishlari 2-iyul kuni o'tkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi tass.ru.