Jefferson Onguti Andijon shahar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga uning turmush oʻrtogʻi shirin Satburxonova Andijon shahridagi tugʻruqxonada qiz jinsli farzand koʻrganligini maʼlum qilib, uni tugʻilganligini qayd etishda amaliy yordam soʻrab, murojaat qilgan. Uning murojaati FHDYO boʻlimi tomonidan tegishli tartibda koʻrib chiqilib, bolaning tugʻilganligi tasdiqlanib, dalolatnoma yozuvlari qayd etildi.
Maʼlum boʻlishicha, Keniya Respublikasi fuqarosi Jefferson Onguti 2019-yilda AQSHlik koʻngillilar orasida oʻquvchilarga ingliz tilini oʻrgatish maqsadida kelgan. Ayni paytda Oltiarik tumanidagi Axmad al-Fargʻoniy avlodlari” nomli nodavlat taʼlim muassasasida oʻquvchilarga ingliz tilidan saboq bermoqda. Jeffesroning turmush oʻrtogʻi Shirin Satburxonova esa Fargʻona davlat universitetining chet tillari fakultetida tahsil oladi.
- Shirin bilan bundan bir yarim yilcha, avval doʻstlarim orqali universitetdagi qahvaxonada tanishganman, - deydi Jefferson Onguti. - Goʻzal qiz birinchi uchrashuvdayoq yoqqani uchun doʻstlashish taklifini berganman. U menga yurtingizning tarixi haqida koʻp soʻzlab berar, chiroylik joylar olib chiqardi. Taqdir taqozosi bilan doʻstligimiz chin muhabbatga aylandi. Qarama qarshiliklarga qaramay ikkimiz oila qurdik. Shu sababli aksariyat doʻstlarim kulishib, meni keniyalik Farhod deyishadi. Men bundan hafa emasman, aksincha xursandman. 19-yanvar kuni muhabbatimiz mevasi dunyoga keldi. Uning ismini Nikola deb qoʻydik. Kim nima desa desin, biz baxtlimiz.
Eslatib oʻtamiz, 2020-yilning 24-dekabr kuni Gana Respublikasi fuqarolari Emmanuel Akvey hamda Sussanna Mfumlarning Andijon shahrida tugʻilgan farzandlari Marven va Arvenlarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat xizmatlari agentligi Andijon
viloyati boshqarmasi axborot xizmati.