Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazi inflyatsiya boʻyicha ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlab, ularga amaliy yechim topish masalasi bilan shugʻullanishi belgilandi.

Vazirlikning hududiy boshqarmalarida markazning 2 nafardan vakili boʻladi. Markaz har haftada tuman va shahardagi bozorlarni tahlil qilib, qaysi mahsulotga hozir qancha ehtiyoj borligi, bir oy, uch oy, bir yildan keyin talab qanday oʻzgarishini prognoz qiladi.

Mavjud quvvatlar va omborlardagi mahsulotlar talabni qanchaga qoplashi, yetishmagan qismini nimaning hisobidan taʼminlashi boʻyicha har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi shakllantiriladi.

«Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi.
Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi boʻlgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash har qachongidan ham muhim», – dedi davlatimiz rahbari hamda dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash boʻyicha topshiriq berdi.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.