Kichik biznes subyektlarining soni 418,7 mingtaga yetdi

    Moliya 4 Yanvar 2024 583

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning 9 oyida (yanvar-sentyabr) kichik biznes subyektlari faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlarni tahlil qildi.

    2023-yilning 9 oyi (yanvar sentyabr) yakunlariga koʻra, faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes subyektlarining soni 418,7 mingtaga yetgan. Buning 67,7 mingtasi yangi tashkil etilgan kichik biznes subyektlaridir. Ularning ulushi savdoda 38,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishda 1,7 foizni tashkil qilgan.

    Tahlil davrida kichik biznes subyektlarining mahsulot (ishlar va xizmatlar) eksporti 5,3 mlrd. AQSH dollarini yoki umumiy eksport hajmining 30,1 foizini tashkil etdi. Hududlar boʻyicha eksportning eng yuqori ulushi Surxondaryo (74,7 foiz) viloyatida, eng past ulushi esa Navoiy viloyati (8,3 foiz) da qayd etildi.

    Mamlakat boʻyicha kichik tadbirkorlikning eksportdagi ulushi 2,7 foiz punktiga ortgan. Hududlar boʻyicha Surxondaryo (15,7 foiz punkti), Fargʻona (19,4 foiz punkti) viloyatlari va Toshkent (7,1 foiz punkti) shahrida eng yuqori oʻsish kuzatildi.

    Kichik biznes subyektlari tomonidan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 2022-yilning 9 oyidagiga nisbatan 1,7 foiz punktiga yuqori boʻldi. Kichik tadbirkorlik subyektlarining koʻrsatilgan umumiy xizmatlar hajmidagi ulushi 47,2 foizni tashkil qildi.

    2023-yilning yanvar sentyabr oylarida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 118,1 trln. soʻmni tashkil qilgan. Bu 2022-yilning mos davridagiga nisbatan 113,8 foiz koʻp demakdir. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi esa 119,1 trln. soʻmga yetgan va 115,5 foiz oʻsish taʼminlangan. Bajarilgan qurilish ishlari hajmi 80,0 trln. soʻmga yetgan va oʻsish surʼati 105,9 foizni tashkil qilgan. Xizmatlar sohasi hajmi 155,2 trln. soʻmni tashkil qilgan va 105,3 foizga oshgan.

    Iqtisodiyotda ayollar rahbarlik qilayotgan kichik biznes subyektlarining hissasi tobora oshib borayotganini alohida qayd etish joiz. Hududlar boʻyicha Toshkent shahrida ayol rahbarlar boshqaruvi ostidagi kichik korxona va mikrofirmalarning ulushi 27,9 foizni tashkil etishi anqilandi. Undan keyingi oʻrinlarni Toshkent (12,8 foiz), Samarqand (8,4 foiz) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi (6,6 foiz) egallaydi.