Yurtimizda ijtimoiy xizmatlar rivojlantirilishi hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

Ushbu targʻibotlarni yanada keng koʻlamli tatbiq etish maqsadida 2025-yil 18-iyul kuni Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Yashnobod tumanida joylashgan “Wunderkind” xususiy maktabga taʼlim tashkilotiga tashrif buyurdi. Bu yerda hamkorlik yoʻnalishida nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ayni paytda 7 nafar bola taʼlim va parvarish bilan qamrab olingan.

Keyingi manzil Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan kichik hajmli bolalar uyi boʻldi. Mazkur muassasada 9 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ulardan 7 nafarida turli xil tibbiy tashxislar mavjud (Daun sindromi, displaziya, anemiya, anatomik yurak nuqsonlari), 2 nafar bola esa sogʻlom hisoblanadi.

Muassasada har bir bolaga individual yondashuv, mehr va gʻamxoʻrlik asosida tarbiya berishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu bilan birga, bolalarning oila muhitida ulgʻayishi, oilaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

— Mazkur kichik hajmli bolalar uyining ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllaridan farqi turli ehtiyojlarga ega, jumladan, nogironligi boʻlgan bolalar oilaga oʻxshash muhitda birgalikda tarbiyalanadi, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi, Farhod Komilov. — Hozirda 200-250 nafar bolalar tarbiyalanayotgan Mehribonlik va Muruvvat internat muassasalarida bolalar uchun eng yaxshi sharoitlar yaratilgan boʻlsa-da har bir bolani individual yondashuv asosida tarbiyalash imkoni yoʻq. Kichik hajmli bolalar uyida bolalar soni koʻpi bilan 9-10 nafar boʻlib, kun davomida tarbiyachilar ular bilan birga boʻladi. Bu yerda har bir bolaga individual yondashish hamda mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatish bilan birga oila muhitida ulgʻayish va oilaviy qadriyatlar asosida tarbiyalanish imkoniyati yaratilmoqda. Sogʻlom bolalarni hammasini oilalarga qaytarishganda, nogironligi boʻlgan bolalar qolib ketgan. Keyin bu bolalarni nima qilamiz, degan savol boʻlgan. Yaʼni butun dunyo tajribasida aytadigan boʻlsak, masalan yaqinda Guruziyaga ham borib ularning tajribasini ham koʻrib keldik. Ushbu kichik hajmli bolalar uyi (Small group home) modeli rivojlangan davlatlarda uzoq vaqt samarali qoʻllangan. Bu soʻngi chora sifatida tashkil etildi. Yaʼni bolani joylashtirishning eng soʻngi chorasi. Yaʼni maqsad bolalar oilaviy muhitni xis qilsin, qarovsiz qolmasin, qadriyatlarimizni anglasin va 18 yoshga yetgandan soʻng mustaqil hayotda qiynalmasligi oʻzini-oʻzi eplab ketishi uchun sharoit yaratishdir.

Tarbiyachilar bolalarning individual rivojlanish rejalari va integratsiya dasturlari asosida taʼlim-tarbiya ishlarini olib boradi, shuningdek, har bir bolaning qiziqish va qobiliyatini inobatga olgan holda turli faoliyatlar bilan shugʻullanadi.

Press-tur ishtirokchilari Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Faol hayot” kunduzgi qatnov markazida nogironligi boʻlgan va oʻzga parvarishiga muhtoj fuqarolarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish va parvarishlash xizmatlari bilan ham yaqindan tanishishdi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Faol hayotga qadam” dasturi yoʻlga qoʻyilgan.

Ushbu dastur doirasida 18 yoshdan katta boʻlgan, mustaqil hayot kechirish imkoniyati cheklangan shaxslarga vaucher asosida bepul ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Ular orasida uy sharoitida parvarish va yordam, ovqatlantirish, gigiyena qoidalariga yordam, psixologik koʻmak va tyutorlik xizmatlari bor.

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Nodirabegim” mahallasida tashkil etilgan ushbu maskan 9 nafar fuqaroga moʻljallangan boʻlib, hozirgi kunda 7 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj fuqaroga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Maskanda 5 nafar xodim faoliyat yuritmoqda, ularning barchasi oliy toifali, koʻp yillik mehnat tajribasiga ega mutaxassislar hisoblanadi.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida joylashgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi orqali 12 toifadagi muhtojlarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilib kelinmoqda. Markaz zamonaviy sharoitlar va raqamlashtirilgan xizmatlar bilan taʼminlangan boʻlib, murojaatlar qabul qilinadi, ehtiyojlar aniqlanadi va xizmat koʻrsatish jarayonlari samarali tashkil etilgan. Shuningdek, xizmatdan foydalanuvchilarning holati doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Imkoniyatlar olami” muassasasida 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun erta aralashuv, nogironligi boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya hamda kunduzgi parvarish xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Muassasa hozirda 80 nafar insonga xizmat koʻrsatmoqda va 12 nafar malakali mutaxassislar tomonidan parvarish qilinyapti.

Tashkil etilgan press-tur doirasida amalga oshirilayotgan yangi xizmatlarimizni keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, fuqarolarimizning xabardorligini oshirishga ham eʼtibor qaratilmoqda» – dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimining yetakchi mutaxassisi, Sitora Latipova.

Zero, mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyillari ustuvor boʻlib, barcha aholi qatlamlariga mehr-oqibat va koʻmakni yaqinlashtirishga qaratilgan bu kabi loyihalar jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini mustahkamlaydi.

Zulxumor AKBAROVA