Shotlandiya. Buyuk Britaniyadagi kichik mamlakat. “Xoʻsh, nima boʻpti? Jahonda bunday mamlakatlar kammi?”, deyishingiz mumkin. “Ha, kam”, deya javob bera olamiz.

Gap shundaki, insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan juda koʻp kashfiyotlar shu mamlakatda dunyoga kelgan. Jumladan, aynan Shotland temirchisi Makmillion 1839-yilda hozirgi kunda bizga yaxshi tanish velosipedni ixtiro qilgan: rul, egar, pedallar... hammasi uning zakovati mahsuli.

Shotland veterinari Danlop esa 1887-yilda ushbu velosipedga pnevmatik shinalar oʻylab topgan. Keyinchalik oʻz nomidagi kompaniyani tuzgan, u hozirgacha avtomobillar uchun pokrishka ishlab chiqarayotgan yirik korxonalardan biri.

Yana bir shotland Aleksandr Fleming angina, otit, oshqozon-ichak va boshqa yuqumli kasalliklarni davolovchi pensillinni kashf qilgan.

Kimyogar Charlz Makintosh haqida eshitgandirsiz. Eshitmagan boʻlsangiz, oʻqing: odamlar foydalanadigan nam oʻtkazmaydigan gazlamani shu kimyogar yaratgan va undan tikilgan plashlar uning nomi bilan Makintosh, deb atalgan.

1856-yilda avstraliyalik Jeyms Xarrison birinchi marta kompressor yordamida ishlaydigan sovutgich yaratgan. Kechirasiz, biz “avstraliyalik” deb yozibmiz. Jeyms Xarrison aslida shotland.

Shotland ixtirochilaridan yana biri Jon Logi Berd. Kasbi muhandis, televideniye yaratuvchilaridan biri. 1924-yilda u harakatlanayotgan odam sharpalarini namoyish etuvchi birinchi mexanik “televizor”ni yaratdi. 1928-yil 3-iyulda birinchi marta toʻlaqonli rangli tasvirni uzatishni kashf qildi.

Kichik mamlakatning nomining dunyoga yoygan buyuk ixtirochilari roʻyxati shu bilan tugamaydi. Yaxshi bilamiz, Jeyms Klerk maksvell shotland fizigi, mexanik va matematik. Texnika institutida Maksvell tenglamasini oʻtganmisiz? “Maksvell iblisi” haqida eshitganmisiz? Jeyms Maksvel elektr magnit toʻlqinlari va gazlar ginetik nazariyasidan tashqari yoʻl-yoʻlakay maishiy buyumlari yaratish ustida ham ishlagan. Aynan u 1861-yil 17-mayda barcha ilmiy jamoatchilikka dunyoda birinchi rangli fotografiyani namoyish qildi.

Shotland jarrohi Jon Xonterni aytmaysizmi? Jarrohlikni fan sifatida u dadil olgʻa surdi. Oʻqdan yaralangan jarohatlarni va tish ogʻriqliklarini oʻrganish va davolash usullarini yaratdi. Ovqat hazm qilish mexanizmini batafsil izohlab berdi, ungacha bu haqda tayinli fikrni hech kim aytolmagan.

Shotland geologi Jeyms Xatton oʻzining “Yer nazariyasi” kitobida birinchi marta yer qaʼri kaynoq lavadan iboratligi va aynan lava togʻ tizimlari hosil boʻlishini chaqiruvchi harakat ekanligi haqida taxminni olgʻa surdi. Aynan Xatton nazariyasi Charlz Darvinni tabiiy tanlash gʻoyasini rivojlantirishga turtki berdi.

Shotlandiya tarixida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk aql-zakovat daholari shunchalik koʻpki, hatto hozirda rivojlangan mamlakatlar ham bu borada ular bilan boʻylasha olmaydi. Misol uchun, dvegatil ixtirochisi Jeyms Uattni olaylik. Uning bu kashfiyoti natijasida keyinchalik paravozlar, paroxodlar yaratildi. Ixtirochining ismi-sharifi esa quvvatni oʻlchov birligi - vattga aylandi.

T.Shomurodov tayyorladi