Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bog‘chalarga bolalarni to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi xayrli ishlarning debochasi bo‘ldi. Ayniqsa, 2017-yilda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgani sohada tub burilish yasadi.
Ayni paytda yurtimizda 3-7 yoshdagi jami 2 million 859 mingdan ziyod bola yashaydi. Ularning 1 million 997 mingdan ortig‘i bog‘chalarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Vaholanki, 2017-yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 708 247 nafar edi.
“Aqlvoy” — barcha uchun teng ta’lim
O‘tgan besh yilda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov ko‘lami ikki barobar oshirilganida yurtimizning ko‘plab hududiga qayta jihozlangan avtobuslar yetkazilib, “Aqlvoy” mobil maktabgacha ta’lim guruhlari shakllantirilgani muhim ahamiyat kasb etdi. O‘z navbatida, maktabgacha ta’limning ushbu muqobil innovasion shakli o‘quvtarbiya xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish imkonini berdi.
“Aqlvoy” mobil bolalar bog‘chasi nafaqat kichkintoylar, balki ota-onalar hamda jamoatchilik uchun katta yangilik bo‘ldi. U foydali va qiziqarli tarbiya tizimi bo‘lish bilan birga, iqtisodiy samarali ekani ham o‘z isbotini topdi.
Qamrov ko‘rsatkichi past 142 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 7 mingga yaqin o‘g‘il-qizni qamrab oladigan, qayta jihozlangan 65 ta avtobus negizida 387 ta mobil guruh shakllantirildi. Bu loyiha orqali shahar va qishloqda yashovchi bolalarning teng saviyada ta’lim-tarbiya olishi nazarda tutilgan. Shu bois, loyiha doirasida mobil guruhlarga zamonaviy fikrlaydigan, bolalar bilan do‘stona munosabat o‘rnata oladigan, tajribali, eng yaxshi pedagoglar jalb qilindi.
Ish avvalida loyihaning chekka hududlargacha yetib borib, u yerdagi o‘g‘ilqizlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishini ta’minlash, bog‘chaga qamrov darajasini oshirish va zamon bilan hamnafas tarzda pedagogikadagi so‘nggi texnologiyalardan unumli foydalanish maqsad qilingan edi. Didaktik adabiyotlar, ishlangan film va ko‘rsatuvlarning imkon boricha jozibali, kichkintoylarga ma’naviy ozuqa beradigan shaklda tayyorlanishi loyihamiz mazmunini ta’minladi. O‘ylaymizki, loyiha barchaga manzur bo‘ldi. Kelgusida bu yo‘nalishda ham loyiha qamrovini, faoliyatini kengaytirib, yanada ko‘p bolani qamrab olish, bog‘chadanoq kichkintoylarga sifatli ta’lim-tarbiya berish maqsad qilingan.
“Imkon” — mutlaqo yangi model
2019-yil aprelda ilk marotaba Qoraqalpog‘istonda tarkibida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun “Imkon” reabilitasiya markazi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi. Loyihaning noyobligi shundaki, u alohida parvarishga muhtoj, nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy-madaniy rivojlanishi, ta’lim olishi va sog‘lomlashtiruvchi reabilitasiyasini ta’minlaydi. O‘tgan yili Toshkent viloyati Qibray tumanida ham “Imkon” reabilitasiya markaziga ega yangi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi. Bu mamlakatimizdagi ikkinchi markazdir.
To‘laqonli reabilitasiya markazi va 150 o‘rinli bolalar bog‘chasiga ega “Imkon” markazlari maktabgacha ta’lim tizimidagi mutlaqo yangi model. Ular faoliyati imkoniyati cheklangan bolalarga har tomonlama yordam berishga qaratilgan bo‘lib, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ota-onalar bilan birgalikda har bir bolani rivojlantirish va reabilitasiya qilish rejasini ishlab chiqish, uni bir muassasa doirasida amalga oshirishga ko‘maklashadi. Bu, shubhasiz, ota-onalar va farzandlar uchun qo‘shimcha qulaylikdir. Chunki ular avvallari har tomonlama yordam olish uchun shahar yoki tumanning turli hududidagi har xil mutaxassislarga murojaat qilishi kerak edi.
“Imkon” markazlarida 2-7 yoshli o‘g‘ilqizlar uchun (qo‘yilgan tashxisga qarab) 10 guruhdan iborat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun reabilitasiya maskani faoliyati
yo‘lga qo‘yildi. Davolash tadbirlari rivojlanishdagi kamchiliklarni tuzatishga, tibbiy reabilitasiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Buning uchun zarur barcha tibbiy shart-sharoit yaratilgan. Yetakchi xorijiy tashkilotlar ishtirokida maxsus tayyorgarlik va malaka oshirishdan o‘tgan tajribali mutaxassislar ota-onalar va farzandlarga ko‘mak berib kelmoqda.
Dunyo bilan bo‘ylashib...
Maktabgacha ta’lim vazirligi xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlamoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan 80 ga yaqin memorandum hamda kelishuv imzolangani buning tasdig‘idir.
Jumladan, tegishli yo‘nalishda Janubiy Koreya, Xitoy, AQSH, Rossiya, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Belarus kabi davlatlar hamda Jahon banki guruhi, UNICEF, UNESCO, KOICA, JICA, TIKA, YеXHT, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, “Mercy Corps”, “Rossotrudnichestvo” singari ko‘plab xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan birgalikda 2018-yilda Samarqand shahridagi 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va Payariq tumanidagi birinchi maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda qiymati 73,8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Kichik yoshdagi bolalarning erta rivojlanishini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Bundan maqsad erta yoshda bilim olish imkoniyatini va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan.
Koreya Respublikasining “Booyoung Group” va “AHA” kompaniyalari tomonidan mamlakatimizdagi ba’zi bog‘chalarni jihozlash uchun raqamli o‘rgatuvchi pianino va interaktiv doskalar shaklidagi moddiy-texnik vositalar taqdim etildi. Mamlakatning “EDULINK” kompaniyasi bilan hamkorlikda bolalar uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari, pedagoglar va tarbiyalanuvchilarning otaonalari uchun “S-Board” mobil ta’lim ilovasi ishlab chiqildi. Shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan maktabgacha ta’lim sohasidagi 20 nafar pedagogning malakasini oshirish bo‘yicha shu yilning iyun oyida 2 marta haftalik kurslar tashkil etildi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida maktabgacha ta’lim sohasiga xorijiy investisiyalarni keng jalb etish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Islom taraqqiyot banki, OPEC fondi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan umumiy qiymati 70 million AQSH dollariga teng davlatxususiy sheriklik bitimlarini moliyalashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun loyihaoldi hujjatlar ishlab chiqilib, investorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida AQSH dasturlarini amalga oshiruvchi “Mercy Corps” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan qiymati 21,7 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Ta’lim uchun oziq-ovqat” loyihasi bajarilmoqda.
Maktabgacha ta’lim sohasini yanada rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik asosida tizimda nodavlat sektor ulushini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan 100 ta MTT ochish loyihasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Islom taraqqiyot banki va Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida respublikaning barcha hududida davlat-xususiy sheriklik asosida 200 ga yaqin nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Innovasion yondashuv — davr talabi
O‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy ta’lim dasturlari, ilg‘or axborot va pedagogika texnologiyalarini joriy etish orqali bolalarni intellektual, ma’naviy-axloqiy, jismoniy rivojlantirish, maktabga tayyorlash darajasini oshirish katta ahamiyatga ega. Bu borada maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimi — OpenEMIS dasturi qulaylik va sifatli faoliyatga yo‘l ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
U maktabgacha ta’lim tashkilotlari haqida ma’lumot to‘plash va ularni taqdim qilishga mo‘ljallangan, o‘qitish va tarbiyaga oid ma’lumotlarni boshqarish tizimidir. Uning ishga tushirilishi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga elektron navbat asosida shaffoflik bilan qabul qilinishini ta’minladi. Qolaversa, u orqali tarbiyalanuvchilarning yoshi va jinsini hisobga olgan holda, hududlar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘yicha bolalarning qatnovi va salomatligini onlayn nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tizimning yana bir afzalligi shundaki, unda onlayn to‘lov, MTT hisobini yuritish, xodimlar monitoringini olib borish mumkin.
Shuningdek, UNICEF bilan hamkorlikda Microsoft tizimi asosida yaratilgan, tarmoq va oflayn funksiyalar hamda imkoniyatlarning o‘ziga xos to‘plami mavjud bo‘lgan Learning Passport platformasi ishlab chiqildi. Bu tizim joriy etilishining o‘ziga xos sababi bor. Chunki dunyo miqyosida kechayotgan pandemiyaning ta’lim-tarbiya jarayoniga sezilarli ta’siri natijasida onlayn o‘quv dasturlariga ehtiyoj ortdi. Learning Passport bu borada eng maqbul yechim sifatida qator xorij mamlakatlarda amaliyotga tatbiq etildi. Hademay platforma mamlakatimizda ham ishga tushiriladi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanish uchun o‘quv-metodik materiallar, multimediali kontent ishlab chiqish, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining axborot-kommunikasiya va pedagogika texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakasini oshirish, innovasion ta’lim muhitini tashkil etish borasida ham qator ishlar bajarilmoqda. Jumladan, o‘qituvchilar, ta’lim sohasi ekspertlari, vazirlikdagi malakali mutaxassislarning maxsus metodikasi bo‘yicha maktabgacha yoshdagi bolalar uchun “InnoKids” ma’rifiy mobil o‘yini ishlab chiqildi. Undagi rang-baranglik va grafikaning sifati har qanday bolaning e’tiborini tortishi shubhasiz. “InnoKids” 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun ta’limga oid turli qiziqarli ma’rifiy o‘yinlarni o‘z ichiga oladi.
Janubiy koreyalik hamkorlarimiz tomonidan beg‘araz yordam tariqasida mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 275 ta Albert va Genibot aqlli roboti, jumladan, bolalarga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan 350 ta o‘quv qo‘llanma taqdim etildi. Mazkur robotlar 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini pirpiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruq va algoritmlarini kiritishi mumkin.
“Bolalik akademiyasi” tegishli xalqaro va mahalliy tashkilotlar, ta’lim sohasining ilg‘or mutaxassislari hamkorligida yaratilgan qulay va moslashtirilgan raqamli platformadir. U uzluksiz ta’limni qo‘llab-quvvatlash, an’anaviy o‘qitish tizimlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, yurtimizdagi maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari va mutaxassislariga, shuningdek, ota-onalar va bog‘cha yoshidagi kichkintoylarga ko‘maklashishga mo‘ljallangan. Ayni paytda u mazmunan takomillashtirilmoqda.
UNICEF ota-onalar uchun 6 yoshgacha bolalar salomatligi va rivojlanishining barcha jihatiga doir mutaxassislar maslahati bilan ta’minlovchi Bebbo mobil ilovasini ishga tushirdi. Unda emlash, tibbiy ko‘rik va bola hayotining boshqa muhim bosqichlarini qayd etib borish mumkin. Mazkur bepul ilova ota-onalarni bolaning sog‘lig‘i va rivojlanishi bo‘yicha oziqlantirish, erta yoshdan o‘qitish va o‘yinning ahamiyati, sezgir ota-onalik, himoya va xavfsizlik kabi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlaydi.
Kelajakka qaratilgan investisiya
Davlatimiz rahbarining “2017– 2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizim faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, sohani bugungi kun talablari darajasida modernizasiyalashga xizmat qilayotir. 2017–2022 - yillarda 1926 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida 236 ming 621 o‘rinli bog‘chalar foydalanishga shay holda topshirildi. Keyinchalik qo‘shimcha 91 ming 448 ta yangi o‘rin ochildi.
Prezidentimizning 2021- yil 10 - iyundagi “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 50 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va buning natijasida 7 ming 500 yangi o‘rin ochish ustida ish olib borilmoqda.
Shu bilan birga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida yurtimiz miqyosida 142 ta ob’yektda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari qizg‘in ketmoqda. Natijada 19 ming 135 o‘rin ochilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, Prezidentimizning o‘tgan yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida joriy yilda 24 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, bu orqali 6 ming 420 o‘rin ochilmoqda.
Bosh mezon — sifat
Maktabgacha ta’lim uzluksiz o‘qitishning boshlang‘ich qismi sifatida bolada bilim olishga ishtiyoq uyg‘otadi, uni tizimli o‘quv jarayoniga tayyorlab boradi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat talablariga muvofiq va xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi shu maqsad ro‘yobiga xizmat qiladi.
Dastur doirasida har bir maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 ta rivojlanish markazi tashkil etilib, bolalar qurish va matematika, san’at, ilm-fan va tabiat, til va nutq, syujetli-rolli o‘yinlar kabi yo‘nalishlarda ko‘nikma hosil qilmoqda.
UNICEF va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini baholash tizimi ishlab chiqildi, asosiy mezonlar tasdiqlandi. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun badiiy-o‘quv rangli bukletlar yaratish konsepsiyasi ishlab chiqilgani hamda uning asosida kitoblar tayyorlangani sohadagi katta qadam bo‘ldi.
Gresiyaning “MM-publication” nashriyoti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 20 ming nusxa “Hi Kids! For Uzbekistan” to‘plami ingliz tilini o‘qitish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdim etildi. Ulardan samarali foydalanish yuzasidan xalqaro mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazildi.
Jahon bankining bolalarning barvaqt rivojlanishiga ko‘maklashish loyihasini tayyorlash dasturi bo‘yicha MELQO barvaqt ta’lim sifati va natijalarini baholash xalqaro tizimi vositalaridan foydalangan holda ta’lim jarayoni sifatini baholash yuzasidan harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Ular hayotimiz mazmuni
Bolalar kulgisi bizni hamisha quvontiradi. Ular hayotimiz mazmunidir. Ularning tabassumiga sababchi bo‘lish uchun barcha o‘g‘il-qizlarni, jumladan, alohida ta’limga muhtoj bolalar ehtiyojini ta’minlash tizimdagi muhim yo‘nalishlardan.
Shu bois, rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsoni bo‘lgan bolalarni ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda qo‘shma maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘llash bo‘yicha Tibbiy psixologik-pedagogik komissiya faoliyati takomillashtirildi. Bugun mamlakatimiz bo‘yicha malakali pedagog va tibbiy mutaxassislar bilan ta’minlangan 14 ta hududiy tibbiy psixologik-pedagogik komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, bolalarni reabilitasiya qilish va ularning abilitasiya bo‘yicha sifatli xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, jamiyatga moslashuvini oshirish maqsadida yangi avlod maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Joriy yil holatiga ko‘ra, yurtimizda rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 74 tani tashkil etdi. Ya’ni 2018 yilning shu davriga nisbatan 60,6 foiz kamaydi.
Alohida ta’limga muhtoj bolalarning bilim va tarbiya olishi uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish, ularga sifatli korreksion-pedagogik, reabilitasion yordam ko‘rsatish maqsadida davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini korreksion, pedagogik va reabilitasiya uskunalari bilan jihozlash dasturi amalga oshirilmoqda. Uning birinchi va ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari jihozlandi. Dasturning uchinchi bosqichi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari maxsus jihozlarga ega bo‘ldi.
Bu sa’y-harakatlar tizimda bajarilayotgan ishlarning muayyan qismi, xolos. Besh yilda qilingan ishlarni batafsil sharhlasak, raqamlarni keltirsak, sahifalarga sig‘masligi shubhasiz. Zotan, mamlakatimizda qisqa muddatda maktabgacha ta’lim sohasida ulkan o‘zgarishlarga erishilgani xalqaro ekspertlar, taniqli mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu ham kerak, albatta. Biroq biz uchun eng muhimi farzandlarimizning aqlan va jismonan raso, ruhan sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishidir. Vaqti kelib, bugungi ishlar samarasini davlatimizni taraqqiy ettirish uchun jamiyatimizga yangicha kuch bo‘lib qo‘shilgan durkun, sog‘lom, intellekti yuksak yigit-qizlar timsolida ko‘rsak, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘, qaddimiz tik bo‘ladi.
Agrippina SHIN, maktabgacha taʼlim vaziri