Kichik sanoat hududi: innovatsion mebellarning afzaligi nimada?

    Biznes 22 Iyun 2020 1143

    Quyi Chirchiq tumanidagi “CHINAR FM” masʼuliyati cheklangan jamiyati toʻqimali mebel toʻplamlarini innovatsiya yordamida ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Aslida mamlakatimizda bunday mahsulotlarni tayyorlashga kirishilganiga koʻp boʻlgani yoʻq.

    Korxona taʼsischisi Akmalxon Abdazxoʻjayevning taʼkidlashicha, innovatsiya yordamida ishlab chiqarilayotgan bunday yangi tarzdagi mebellar quyosh, issiq va sovuqqa chidamliligi, suv oʻtkazmasligi bilan ajralib turadi.

    Bundan toʻrt yil ilgari tumandagi «Oydinobod» mahalla fuqarolar yigʻini hududining Ketmontepa qishlogʻidagi sobiq yuqumli kasalliklar shifoxonasi oʻrnida barpo etilgan korxonaga 800,0 mln soʻm miqdorida investitsiya kiritilib, faoliyati yoʻlga qoʻyilgandi. Zamonaviy uskunalar oʻrnatilib, mahalliy aholidan 40 nafar kishining bandligi taʼminlandi. Muhimi, mahsulotlarni tayyorlashda foydalaniladigan xomashyoning asosiy qismi yurtimizda mavjud.

    Hozirgi kunda pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan korxonada ish asta-sekinlik bilan boʻlsada, barqarorlashib bormoqda. Eng asosiysi, jamiyat faoliyati toʻxtab qolgani yoʻq. Mahsulotlarning xaridorgirligi oshib, ular ichki bozor bilan birga, xorijga ham eksportga yuborilyapti.

    Xususan, oʻtgan yili 300 dona mebel toʻplamlari tayyorlanib, ularning aksariyat qismi Qozogʻiston Respublikasiga eksport qilindi. Joriy yilda esa ishlab chiqarilgan mebel toʻplamlari soni 250 donadan oshdi. Ularning ham bir qismi xorijga joʻnatildi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Quyi Chirchiq tumanida tashkil etilgan kichik sanoat hududida ayni paytda 8 ta ishlab chiqarish korxonasi joylashgan boʻlib, ulardan 4 ta loyiha ish faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. “CHINAR FM” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa ulardan biri hisoblanadi.