Bu bo‘yicha Prezidentning “Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–204-son, 26.05.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan mahallalar ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni hisobga olib biznes g‘oyalarni ishlab chiqish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “AI maslahatchi” dasturi ishga tushiriladi.
2026 yil 1 iyuldan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi (Dastur) doirasida:
  • avval Dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi;
  • “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
  • kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya;
  • har yili Dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan va yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta tadbirkorga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlar va yashil texnologiyalarni joriy etish xarajatlari uchun 300 mln so‘mgacha grant.